Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida bo`lib o`tgan Xalq deputatlari shahar Kengashining sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o`tkazilgan haqida xabar berilgan edi.
Milliy Gvardiyaning ma`lum qilishicha, joriy yilning 17 may kuni Andijon viloyati Xalq deputatlari shahar Kengashining VI-chaqiriq XX-sessiyasi Andijon shahrida joylashgan 2-sonli Bolalar musiqa va san`at maktabi binosida o`tkazilishi rejalashtirilgan. Shu kuni mazkur binoga Andijon shahar IIB boshlig`ining so`rovnomasiga asosan shahar Qo`riqlash bo`limi xodimlari jamoat tartibini saqlash uchun o`rnatilgan tartibda xizmatga jalb qilingan.
Mazkur sessiya kun tartibiga Andijon shahar prokurori tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida "O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to`g`risida" gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi qo`yilgan.
Shu sababli Andijon shahar hokimining topshirig`iga asosan sessiya ishi boshlangunga qadar Andijon shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas`ul xodimlar kuzatuvi ostida qo`riqlash xodimi tomonidan tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilari metallodetektor yordamida ko`rikdan o`tkazilgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilgan.
Ta`kidlanishicha, tarqatilgan xabarda aks ettirilgan qo`riqlash xodimi bilan bog`liq videotasvir yuqorida qayd etilgan mas`ul xodimlarning birgalikdagi nazorati jarayonidan tasvirga olingan.






