Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar huquq tartibot organlari tomonidan tintuvdan o`tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarda aytilishicha, mahalliy deputatlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tegishli idoralardan Andijon shahar hokimining er ajratish to`g`risidagi ayrim qarorlarini noqonuniyligi bo`yicha o`rganish o`tkazishni talab qilishlari ortidan Andijon shahar prokurori tomonidan 2021 yil 6 may kuni shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to`g`risida xalq deputatlari Andijon shahar kengashiga taqdimnoma kiritilgan.
Mazkur taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi ko`rib chiqilgan.
Milliy Gvardiyaning ma`lum qilishicha, tintuvlar tartib qoidalar asosida o`tkazilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham ushbu holatga o`z munosabatini bildirdi. Unga ko`ra, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimiz kun tartibidagi asosiy masalalaridan biri bo`lib turgan, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilayotgan bir paytda bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi idora tomonidan korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilish o`rniga, unga nisbatan turli ta`sir choralari qo`llanilayotganini oqlab bo`lmaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatning nazoratga olinganini va natijalari bo`yicha qo`shimcha axborot berishni ma`lum qildi.






