Ayol zotini ta`riflashga tillar ojiz. Ayollarimiz borki oila bor, kelajak bor. Hozircha hech bir shoir-u, yozuvchilarimiz ayol va ayol zoti to`g`risida ta`riflashga na nasr, na nazmda oxirgi so`zga nuqta qo`yolmagan, qo`yolmaydi ham.
Gulday nozik, nafosatli, nazokatli, mehribon, oqila bunday chiroyli ta`riflar ayollarga xosdir.
Biroq, lekini bor-da! Ha borligi ham rost. Mingdan bitta uchrasa ham yomoni bo`larkan. Undaylarga yaxshi ta`riflar xayf. 27 yoshni to`ldirgan Raximaga-ku ming karra xayf! U shu yoshga kirguncha 5 marta sudning “qora kursi”siga mehmon bo`ldi. Aniqrog`i sud zalini pirxonam deb tavob qildi. Biz hikoya qilmoqchi bo`layotganimiz uni oltinchi marta sudlanishidir. Qanday qilib unga nisbatan yaxshi ta`rifli so`zlarni ishlatsa bo`ladi?! Yaxshi bo`lganda oila buzilarmidi!
Raximani birinchi jinoyat ishini Boysun tuman jinoyat ishlari sudi ko`rib qilmishiga yarasha jazo bergan. Jazoni bir amallab o`tab, esi kirmay qaytib yana Boysunga safar qilib, ilgarigi ishining tugallanmagan joyidan boshlagan, u qo`lga tushgan. Yana Boysun tuman sudi jazolagan. Safardan qaytib kelgach o`zi tug`ilib o`sgan Termiz shahridagi xonadonlarni birini qaqshatib chiqib yurganida, izquvarlarning qo`liga tushib, Termiz shahar sudining jazosini oldi. Jazoni o`tab qaytgach, u Sho`rchi shahriga kelib, o`g`irlagan narsalarini orqalab ketayotgan chog`ida qo`lga olinib, Sho`rchi tuman sudi tomonidan qamoq jazosi tayinlanadi.
Jazodan qutilib chiqqach, u Jarqo`rg`on tomon yo`l olib, yana eski odatini qilib, darrov qo`lga tushadi. Yana jazo. Yana chiqib keladi.
Endi u sayohatini Angordan boshladi. Angor tumanidagi “tijorat bozori” yonida ancha vaqt turib, keldi-ketdini obdon kuzatadi. U shu erda turgan Noila degan qizchaning oldiga borib, men onangning dugonasiman, kechga to`yga bormoqchi edim, qulog`ingdagi sirg`angni berib tur, senga loyiq chiroyli ko`ylakni tikib qo`yibman. Kechqurun onang bilan kelgin, olib ketasan, -deb huv anavi hovli bizniki, dedi. Qizi tushmagur ham laqqa ishonib, qulog`idagi bir juft tillo sirg`asini echib berdi. U oldi-yu juftakni rostladi. Noila onasiga dugonangiz to`yga taqib borish uchun sirg`amni olib ketdi deganda, onasi otini so`ramadingmi, qaysi dugonam ekan, deb turganda Raxima shu bozorning narigi chetiga o`tib, Shoira degan qizning bilagidan ushlab, men onangning tanishiman, bugun qizimning tug`ilgan kuni, shunga sirg`angni berib tur, kechqurun onang ham keladi, berib yuboraman, deb Shoiraning ham qulog`idagi tillo sirg`ani echib olib ketdi. U yana shu bozorning kun botar tomoniga bora turib Feruza degan qizni to`xtatib, men onangning tanishiman, bugun qizimning tug`ilgan kuni sirg`angni berib tur. Kechga onang bilan biznikiga kelib olib ketasan, deb uning ham tillo sirg`asini olib ketadi. U shu ketganicha qaydasan Termiz deb uyiga boradi. Bir kecha yotib, yana “ov”ga chiqadi. Bu safar to`g`ri Sho`rchiga kelib, u tomon — bu tomonlarga yurib ko`zini o`rgatadi.
Qarasa, shundoqqina kattagina maktabning oldiga borib qolibdi. Yaxshigina sinchiklab shu erda o`qiydigan qizlarni kuzata boshlab, Jarqin degan qizni qo`lidan tutib, men sening yangi raqs o`qituvchingman, qulog`ingdagi sirg`angni menga ber. Senga yangi raqs ko`ylagi bilan har xil taqinchoqlar olib beraman, deb tillo sirg`asini echib olib ketadi. Uni ketganini ko`rgan Raxima navbatdagi o`ljasini poylab maktabdan ko`chaga chiqqan Zaynab degan qizchaning qo`lidan ushlab, meni tanidingmi? Yangi raqs ustozingman, senga raqs ko`ylagi, taqinchoqlar olish kerak, qulog`ingdagi sirg`ani ber, shuni sotib olib kelaman, deb avray boshlaydi. Zaynab yo`q ishonmayman, sizday o`qituvchi maktabimizda yo`q, deganini biladi, Raxima panja orasidagi olmasni ko`rsatib, “g`ing” desang qulog`ingni kesib tashlayman, deb qo`rqitib tillo sirg`asini echib olib ketadi. Zaynab qo`rqanidan uylari tomon yugurib ketadi. Uni ko`rgan talonchi o`g`ri, maktabning narigi eshigi oldida yurgan Sojidani ushlab, agar “dod” desang qulog`ingni kesib olaman, deb qo`lidagi olmosni ko`rsatib, qo`rqitadi-da uni ham bir juft tillo sirg`asini echib olib, o`zi ham g`oyib bo`ladi. Tillo sirg`asidan maxrum bo`lgan qizlar uylariga chopganicha, ota-onasiga borib aytadi. Ular maktabga keladi. Bo`lgan voqeani aytishib shu erdagi bozorga o`tishib, tillo sotuvchilaridan so`rab-surishtirib yurgan chog`ida Raxima chorrahaning narigi betiga o`tib “fantamas”ning rasmini chizib, Sherobodga ketayotgan yo`lovchi mashinaga chiqib jo`navorgan edi.
U Sheroboddan ham quruq qaytmadi. Malika degan qizni eski gaplari bilan ishontirib, qulog`idagi sirg`ani echib olib ketdi. Angorga kelayotib bu dafa dehqon bozori yoniga tushib qoldi. Bozor oldidan o`tib ketayotgan Farida degan qizni to`xtatib, onang meni tanishim, onang biznikiga boradi, berib yuboraman, deb uning soddaligidan foydalanib qulog`ining teshigini quruq qoldirdi.
U navbatdagi “ov”ini yana gavjum Sho`rchi shahridan boshlamoqchi bo`lib, bozor oldiga keladi-da, baliqchilarday “qarmog`iga xo`rak” tashlab otganini biladi, qarmoq aylanib o`ziga qadaldi. Fuqaro kiyimidagi kishilar, o`rtaga olib, biz bilan yuring, deb ichki ishlarga olib borishdi.
Jabrlanuvchilar bilan yuzlashtirildi. Ularni ichki ishlarga chaqirtirib yuzlashtirilganda, to`rt-besh ayolning orasidan Raxima Pardaevani tanib ko`rsatishdi. Shu erga kelganda Raxima Pardaevaning qilmishlariga nuqta qo`yildi. Sud tomonidan uzoq muddatga alohida joyga xizmat safariga jo`natildi.
Ha, turli yoshdagi turfa taqdirli ayollar, lekin ularga bir xil nisbat beriladi, jinoyatchi ayol, ayollar. Oilaning gulshani marvaridi, farishtalariga qiyoslangan ayollarimiz orasida jinoyatchilikning chirkin ko`chalariga kirib qolayotganlari ham achchiq haqiqat. O`ylamay bosilgan birgina qadam ayol, ona degan nomga dog` tushirgan, kelajagiga ayanchli tamg`a bosgan. Temir panjara ortidagi ayollar orasida Raxima Pardaevani borligi ham rost.
M. HAKIMOV
Jinoyat ishlari bo`yicha Sho`rchi tuman sudining raisi