AsosiyJinoyat

Farg`onada erkak xotinini rashk sabab pichoqlab o`ldirdi va IIBga xabar qildi

'Farg`onada erkak xotinini rashk sabab pichoqlab o`ldirdi va IIBga xabar qildi'ning rasmi

Rishton tumanida rashk sabab er o`z xotinining qotiliga aylandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 16 may kuni soat 23:30 larda Rishton tuman IIB navbatchilik qismiga fuqaro Sh.M. kelib, turmush o`rtog`i fuqaro S.M.ni qasddan o`ldirganligini ma`lum qilgan.

Mazkur xabarga asosan tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi sud tibbiy va kriminalistik ekspertlar ishtirokida ko`zdan kechirilib, tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirildi. Hodisa tafsilotlari ma`lum bo`ldi. 

Aniqlanishicha, fuqaro Sh.M. turmush o`rtog`i S.M. bilan 2019 yilning dekabr oyidan buyon birga yashamasdan, uning “Doston” ismli tanishi bilan ishqiy munosabatda bo`lib yurganligi yuzasidan nizolashib kelgan.

 U joriy yilning 16 may kuni soat 23:00 larda turmush o`rtog`i S.M. bilan farzandi 2018 yilda tug`ilgan H.Z.ni davolatish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga kelishib, shifoxonaning kirish qismidagi hojatxona tomonga birgalikda o`tib ketishadi. Erkak rashk tufayli oldindan o`ylab qo`ygan qasd olish rejasini amalga oshirish maqsadida o`zining o`ng oyoq qismiga bog`lab olgan oshxona pichog`ini olib, turmush o`rtog`i S.M.ning bo`yin qismini ikki marotaba pichoq bilan kesib, orqa kurak qismiga ikki marotaba sanchib tan jarohati etkazgan.   

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma`lumotnomasiga ko`ra, fuqaro S.M.ning o`limiga bo`yin a`zolarini chuqur sanchilib-kesilgan jarohatlari, bo`yin qon-tomirlari, mushaklari va paylarini bo`yin umurtqasigacha kesilishi, ko`krak qafasini orqa yuzasi yuqori qismidagi plevra bo`shlig`iga teshib o`tuvchi sanchilib-kesilgan jarohatlari natijasidagi o`tkir qon yo`qotish sabab bo`lgan.

 Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 17 may kuni Rishton tuman prokuraturasi tomonidan Sh.M.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Sh.M. 2021 yil 18 may kuni jinoyat ishi bo`yicha JKning 97-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan. 

Viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o`rnatilgan bo`lib, natijasi haqida qo`shimcha axborot berilishi ta`minlanadi.

 

 

    Boshqa yangiliklar