AsosiyJamiyat

Bosh prokuratura Andijonda deputatning prokuror taqdimnomasiga ko`ra deputatlik maqomi bekor qilingani sabablarini ma`lum qildi

'Bosh prokuratura Andijonda deputatning prokuror taqdimnomasiga ko`ra deputatlik maqomi bekor qilingani sabablarini ma`lum qildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati prokuror taqdimnomasiga ko`ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilinganligi haqida tarqalgan xabarlar jamoatchilik o`rtasida keng muhokama qilinmoqda.  

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura Matbuot xizmati quyidagi ma`lumotlarni jamoatchilik e`tiboriga havola etdi.

Xususan, Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 2021 yil 3 mart kuni “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov tegishliligi bo`yicha Andijon shahar IIO Tergov bo`limiga yuborilgan.

Aniqlanishicha, “Alliance R.C.” MChJga Andijon shahar hokimining 15.07.2017 yildagi qarori bilan Andijon shahar, Bo`ston dahasi, U.Yusupov ko`chasida joylashgan 4.0 gektar er maydoni ko`p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko`rsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog` yaratish uchun ajratilgan.  

Biroq, “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslari er va shaharsozlikka oid qonun va me`yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o`zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.  

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura me`moriy rejalashtirish topshirig`i”ni soxtalashtirib, hokim qarorida ko`rsatilgan 4 gektar er maydoniga qo`shimcha ravishda yana 6 gektar er maydonini qo`shib olib, jami 10 gektar er maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.  

Buning oqibatida mazkur 6 gektar er maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan er uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning erdan foydalanish huquqlari buzilgan.  

Bundan tashqari, o`zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar er maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo`qotilgan va davlat byudjetiga 190,8 mln. so`m miqdorda zarar etkazilgan.  

Tergov harakatlari davomida “Alliance R.C.” MChJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati ekanligi aniqlangan.  

To`plangan hujjatlarga ko`ra, deputat Sh.K.ni ayblash uchun asoslar etarli deb topilib, 2021 yil 6 may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma 2021 yil 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko`rib chiqilib, Sh.K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan.

Ish bo`yicha tergov harakatlarini har tomonlama, to`la va xolisona  o`tkazilishini ta`minlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, qonunchilikda tergov harakatlariga aralashish, ya`ni uni har tomonlama, to`la va xolisona o`tkazilishiga to`sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda quyi turuvchi prokurorga ko`rsatmalar berish yoxud uning har qanday, shu jumladan prosessual qarorini o`zgartirish yoki bekor qilish, prokurorlar ishlarining to`g`ri tashkil etilishi faqat yuqori turuvchi prokuror tomonidan amalga oshirilishi qat`iy mustahkamlangan.  

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar