AsosiyJinoyat

Surunkali ichkilik ortidagi aka-ukaning janjali qotillik bilan yakunlandi

'Surunkali ichkilik ortidagi aka-ukaning janjali qotillik bilan yakunlandi'ning rasmi

50 yoshli erkak mast holatda o`zi bilan birga yashovchi akasi bilan bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan o`zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib qolishadi. Bir-birlarini urgandan so`ng, akasini qasddan o`ldirish maqsadida oshxona pichog`i bilan chap ko`krak sohasiga ikki marotaba urib, tan jarohati etkazgani oqibatida akasi hodisa joyida vafot etgan. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganovaga xabar qildi...

“UCh KUN DAVOMIDA UYGA BORIShGA QO`RQDIM”

Sudda sudlanuvchiaybga to`liq iqror bo`ldi...

— 5 yil oldin akam Rossiyadan qaytib keldi. Men va ota-onamiz bilan yashay boshladi. Spirtli ichimlik iste`mol qilgan vaqtimizda o`rtamizda kelishmovchilik kelib chiqar va ma`muriy huquqbuzarlik ishlari qo`zg`atilgan. 2019 yilda onam, 2020 yilda otam vafot etdi. So`ng akam ko`p miqdorda spirtli ichimliklar ichadigan bo`lib qoldi. Men ham ishdan keyin haftada 3-4 marotaba ichadigan bo`ldim. Oilada akam bilan o`rtamizdagi kelishmovchilik asosan mastlik holatida yuzaga kelgan. Akam ishlamasdan, doimiy ravishda mendan spirtli ichimliklar va boshqa mayda xarajatlariga pul talab qilgan. Oqibatda janjallashganmiz.

O`sha kuni ishdan qaytayotganimda ikki nafar o`rtoqlarim bilan kafeda 2 shisha spirtli ichimlik ichdik. Uyga kelganimda, akam mast holatda va kech kelganim uchun haqorat qildi. Qo`li bilan yuzimga, temir “veshalka” bilan boshimga urganida zarbasidan labim, boshim yorildi. Xonamga kirganimda akam ham ortimdan kirdi janjallashdik. So`ng bir-birimizga qo`limiz bilan tan jarohati etkaza boshladik. Akam gavdali bo`lgani uchun kuchim etmasdan, yotoqxonamdagi oshxona pichog`ini olib, “yaqinlashma, pichoq bilan jarohat etkazishim mumkin”, dedim. Ogohlantirishlarimga qaramay, menga yopishib janjallashishni davom ettirdi. Shunda qo`limdagi pichoq bilan tanasining chap qismiga ikki marotaba zarba berdim. Akam harakatini to`xtatib, o`tirib qoldi. Taxminan 10-15 daqiqa o`tib, akam suv so`radi berdim. 

Ertasi kuni tongda uyqudan turib, yuvinish xonasiga kirganimda, akam polda yotganini va nafas olmayotganini ko`rdim. Akamni o`ldirib qo`yganimni bilib, ishga chiqib ketdim. 3 kun davomida uyga borishga qo`rqib, ish joyim yaqinidagi kafening hovlisidagi tapchanda yotib yurdim. Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman, o`ldirish maqsadim bo`lmagan. 

“POLDA UKAM YoTGANINI KO`RDIK”

Sudda jabrlanuvchining qonuniy vakili quyidagilarni bayon qildi...

— Ikki ukam bir uyda yashashgan. Sudlanuvchi ukam oila qurmagan. Marhum ukam esa oilasi bilan 1996 yilda, ya`ni rafiqasini pichoqlab, tan jarohati etkazganidan so`ng ajrashib ketgan. Shunda marhum ukam JKning 104-moddasi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. 2000 yilda ozodlikka chiqqan va ota-onam, hozir sudlanayotgan ukam bilan birga 1-2 yil yashagan. 2002 yilda yo`l-transport hodisasi sodir etganidan so`ng yana sudlanib, bir ayol bilan shar`iy nikohda yashagan. 2011 yilda Rossiyaga ishlash uchun ketishgan va 2016 yilda Rossiyadan bir o`zi qaytib keldi. Yana ota-onam hamda ukam bilan birga yashay boshladi. Rossiyadan kelganida juda ko`p spirtli ichimlik ichadigan bo`lib qoldi. Ukalarim o`rtasida spirtli ichimlik iste`mol qilgan vaqtlari kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Hatto ma`muriy huquqbuzarlik bo`yicha javobgarlikka tortilgan. Otam vafot etganida marakasini o`tkazdik, o`shanda ham ukalarim kelishmagan. Shundan so`ng kasal bo`lib qolib, yilning noyabrida sog`lig`im biroz tiklanib ko`chaga chiqdim. Ukalarimning uyi oldidan o`tayotib, derazasi yopiqligini ko`rib, “uyda yo`q bo`lsa kerak”, deb kirmadim. Ertasi kuni yana derazasi yopiq. Xabar olish uchun kirmoqchi edim, yo`lakda qo`shnisini ko`rib qoldim. Ukalarim haqida so`rasam, “ularni ko`rmadim. Lekin bir necha kun oldin janjal qilib, shundan beri tinch”, dedi. Eshikni taqillatganimda, hech kim ochmadi. Eshikka qarzdorlik haqida kvitansiya qistirib qo`yilganini ko`rib, profilaktika inspektorini chaqirdim. O`g`lim ikkinchi qavat derazasidan xonadonga kirib, ichkaridan eshikni ochdi. Uyga profilaktika inspektori bilan kirganimizda, yuvinish xonasidagi polda ukam yotganini ko`rdik. Shunda profilaktika inspektori meni tashqariga chiqarib, ukam vafot etganini aytdi. IIBga borganimda ukam akasini pichoqlab o`ldirib qo`yganini bildim. Qilmishidan pushaymon bo`lib, yig`lab o`tirgandi. Ukalarimga spirtli ichimlik iste`mol qilmasliklarini, tinch yashashliklarini aytib, bir necha marotaba koyiganman. Lekin natija bo`lmagan... 

Qaxramon Mirsafaev, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi: 

— SudlanuvchiJK 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan mazkur modda bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar