2021 yilning 17 may kuni soat 11:00larda Qo`qon shahridagi 4-sonli maktabning sport maydonida ushbu maktabning 11-sinf o`quvchisi 17 yoshli M.Islomxon sinfdoshi 18 yoshli M.Akbarjon bilan o`zaro janjallashib, janjal davomida M.Akbarjon M.Islomxonni “qorin sohasiga” qo`li bilan bir marotaba urib, tan jarohati etkazgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Tibbiy ma`lumotnomaga ko`ra, voyaga etmagan M.Islomxonda “qorin oldi devori to`mtoq shikasti, jigar chap bo`lagi ezilib-yorilishi, ichki qon ketish, postgemorragik shok og`ir darajasi” jarohatlari aniqlanganligi ko`rsatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu janjalga hodisadan bir hafta oldin M.Islomxon sinfdoshi M.Akbarjonga “avtoritet bo`lib ketibsanmi, o`zgarib qolibsan” deganligi sababli janjallashib qolganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qo`qon shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, M.Akbarjon prosessual tartibda ushlangan.