Xalqimizda “Er bermoq-jon bermoq” degan naql bor. Quyidagi hikoyamiz qahramoni ham erining boshqa bir ayol bilan yashayotganini eshitib, o`zini qo`yarga joy topmadi. Singlisini ergashtirgancha, eri bilan kundoshi yashayotgan xonadonga borib, janjal ko`tardi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun IIB xodimi ularni ichki ishlar bo`limiga olib borganda, kutilmagan voqea ro`y berdi...
Janjal ko`tarildi
Toshmatova Shoira (ism-shariflar o`zgartirilgan) Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan profilaktika inspektorining xizmat xonasida bo`la turib, o`zaro kelishmovchilik natijasida yuzaga kelgan janjal oqibatida kundoshi Yodgorova Gulnoraning yuzini qo`lida bo`lgan piska (lezvie) bo`lagi bilan kesib, badanining tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo`lgan tan jarohati etkazadi.
“Erim qizimni davolatish uchun pul bermadi...”
Sudlanuvchi Toshmatova Shoira sudda aybiga to`liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni bayon qildi:
— Boshqa ayol bilan yashab kelayotgan turmush o`rtog`im Ma`rupov Anvarga qo`ng`iroq qilib, undan kasal qizimni davolatish uchun pul so`radim. Ammo erim menga puli yo`qligini aytdi. Shundan keyin uning uyidagilardan yordam so`radim, ular ham menga yordam berishmadi. Bundan jahlim chiqib, tong saharda singlim Gulbahor bilan Chilonzor tumanida joylashgan, erim ikkinchi xotini bilan yashayotgan xonadonga keldik. Singlim bilan ushbu xonadon kirish eshigini taqillatganimizda, eshikni turmush o`rtog`imning ikkinchi xotini Yodgorova Gulnora ochdi. U erim bilan birga meni haqoratlab, uydan haydadi. Shundan keyin “102” raqamiga qo`ng`iroq qilib, turmush o`rtog`im uyda begona ayol bilan yashayotganini ma`lum qildim. IIB xodimlari kelganlaridan so`ng birga turmush o`rtog`im Ma`rupov Anvar vaqtincha yashab kelayotgan xonadonga chiqdik. Yodgorova Gulnora eshikni ochganidan keyin yana meni haqoratlab baqira boshladi. Shunda IIB xodimlari pastga tushib, kutib turishimni so`rashdi. Men pastga tushib, uyning kirish yo`lagi oldida erda yotgan siniq piska (lezvie)ni ko`rib qoldim. Keyin uni erdan olib, yashirdim. IIB xodimlari turmush o`rtog`im Anvar Ma`rupov, kundoshim Gulnora Yodgorova, meni va singlim Gulbahorlarni profilaktika inspektorining xonasiga olib borishdi. U erda tushuntirish xati yozdim. Gulnora Yodgorova ham tushuntirish xati yozayotganda jahlim chiqqanidan o`zimni tutib turolmay, qo`limdagi piska (lezvie) bo`lagi bilan unga tashlanib, yuzini bir necha marotaba kesdim. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman, shuni hisobga olib, menga engilroq jazo tayinlashingizni so`rayman.
“Tushuntirish xati yozayotgan edik...”
Guvoh Anvar Ma`rupov sudda quyidagilarni ma`lum qildi:
— Gulnora Yodgorova bilan Rossiyada tanishganman, u bilan 2017 yilning yozidan beri shar`iy nikoh asosida yashab kelaman. Ertalab soat taxminan 06:30 larda men ijarada yashab kelayotgan Chilonzor tumanidagi xonadonning kirish eshigi taqilladi. Shar`iy turmush o`rtog`im Gulnora eshikni ochganida, ostonada sobiq turmush o`rtog`im Toshmatova Shoira singlisi va IIB xodimi bilan turganini ko`rdim. Shoira Gulnorani haqorat qilganiga jahlim chiqib, unga baqirdim. Shunda IIB xodimi bizni xizmat xonasiga borishimiz kerakligini aytdi. Hammamiz borib, bo`lib o`tgan voqea yuzasidan tushuntirish xati yozdik. Gulnora tushuntirish xati yozayotganda Shoira o`rnidan turib, uning orqasiga o`tdi va sochidan tortib, “chiroyli yuzingni tanib bo`lmaydigan qilib qo`yaman” deb, yuzini kesib tashladi.
Jazo tayinlandi
Toshmatova Shoira JKning 104-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topildi. Unga nisbatan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Tolibjon Obidov, jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi,
Lola Shoimova, jurnalist






