Toshkent shahar Olmazor tumanida muqaddam sudlangan bo`lishiga qaramay, bundan tegishli xulosa chiqarmagan besh kishi 34 yoshli sherigi bilan bosqinchilik jinoyatini sodir etdi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...
Shavkat Muxamedov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) o`ziga ilgaridan tanish bo`lgan Odil Xatamovning yirik miqdordagi pul mablag`larini Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi uyga olib borayotganidan xabar topadi. Ushbu pullarni bosqinchilik yo`li bilan tortib olish maqsadida, tanishlari Umarjon O`sarov, Omad Oxunov, Sarvar Adizov, Omiljon O`ktamov bilan oldindan o`zaro jinoiy til biriktiradi. Bir guruhga birlashib, kechki soatda Umarjon O`sarov boshqaruvidagi mashinada Olmazor tumanidagi uy oldiga borishadi. Odil Xatamov uyga pullarni olib kelishini kutib turishadi. Odil Xatamov yig`ilgan pullarni qoldirib ketganiga ishonch hosil qilishgach, tibbiy niqob hamda qo`lqoplarni kiyishib, uy eshigi ochiqligidan foydalangan holda g`ayriqonuniy ravishda kirishadi. Xonadon egasi Adiz Suvonovning bo`yniga pichoq tirab, zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitib, tanasining turli joylariga urib tepishadi. Xonadagi 1.211.500 AQSh dollarini olib, hodisa joyidan yashirinishgan. 34 yoshli Ikrom Mamedov esa sodir etilgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qilish idoralariga xabar berishi mumkin bo`lsa-da, sheriklarining sodir etgan o`ta og`ir jinoyati haqida lom-mim demagan.
“IIB XODIMLARIGA PULLARNI QAERDALIGINI AYTDIM”
Sudlanuvchi Shavkat Muxamedov sudda aybiga iqror bo`ldi...
- Chet el valyutasini so`mga ayirboshlab berish bilan shug`ullanib turaman. Mahallamga notanish mashina tez-tez kelib turardi. Aynan kimni oldiga kelishini aniq bilmasdim. Bu mashinada keladigan kishini bir necha marotaba kuzatganimda o`zi bilan ko`p miqdorda AQSh dollarini olib kelishini bildim. Kuzatuvni davom ettirdim. Odil Xatamov Olmazor tumanida joylashgan uyga qo`lidagi selofan paketdagi pullarni olib kirganini ko`rib, ortimga qaytdim. So`ng Umarjon O`sarov, Omad Oxunov, Sarvar Adizov, Omiljon O`ktamovga “bir odamni qarzi bor, shuni olib kelish uchun birga boramiz”, dedim. Hammamiz birgalikda o`sha uy oldiga bordik. Biroz vaqt o`tganidan so`ng uy oldiga Odil Xatamov kelib, uy ichidan chiqqan kishiga selofan paketda pul berib ketdi. Shundan keyin sheriklarimga “uy ichiga kiramiz”, dedim. O`sha erdagi qo`shni uyning tomorqasidan taxta bo`laklarini oldik. Birgalikda uy ichiga kirganimizda xonada bir kishi pul sanab o`tirganini ko`rdik. Omad Oxunov qo`li bilan Adiz Suvonovni elkasidan ushlab, pichoqni bo`yniga tirab turdi. Qolganlar uydagi pullarni olib chiqib ketdik. Keyin pullarni bo`lishib, tarqaldik. Uyga kelib pullarni sanab ko`rganimda 203.100 AQSh dollari chiqdi. Ertasi kuni 200.000 AQSh dollarini tanishimga olib borib berib, “birovning omonati, senda turib tursin”, dedim. Mahallada tanishim Ikrom Mamedovni ko`rib qoldim. Uning ayoli shifoxonada davolanayotganini bilib, unga 2000 AQSh dollari berdim. Bozorga borib, uyali telefon apparati va kiyim-kechak sotib oldim. Keyin uyimga IIB xodimlari kelib olib ketishdi. IIB xodimlariga jinoiy yo`l bilan topilgan pullarni qaerdaligini aytdim. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
Qolgan to`rt nafar sudlanuvchilar ham sudda ayblariga iqrorlik bildirishdi.
“AYBIM JINOYaT HAQIDA HUQUQNI MUHOFAZA QILUVChI ORGANLARGA XABAR BERMAGANIM”
Sudlanuvchi Ikrom Mamedov sudda quyidagilarni bayon qildi...
- Rafiqam koronavirusga chalinib, shifoxonada yotib davolanayotgandi. Mahalladoshim Shavkat Muxamedov, Umarjon O`sarovning oldiga borib, qarzga pul so`radim. Ular “bir kishi mashinasida ko`p miqdorda valyuta tashib yuribdi. Shu pullarni o`g`irlaylik”, deya taklif berishdi. Valyuta tashib yuruvchi mashinani ham ko`rsatishdi. Mahalladoshlarimga o`g`irlik qilish qo`limdan kelmasligini aytib, rad javobini berdim. Oradan vaqt o`tib, ular bilan mahallada ko`rishganimda, “pullarni bugun o`g`irlaymiz”, deyishdi. Mendan takroran ular bilan birga borish yoki bormasligimni so`rashdi, rad javobini berdim. Oradan 5 kun o`tib, ulardan biri bilan mahallada ko`rishdim. U menga “qiynalib ketayapsan-a?” dedi. Tabiiyki pul zarurligidan qiynalayotganimni aytdim. So`ng menga jami 8.000 AQSh dollarini hadya tariqasida berishdi. 2.000 AQSh dollarini ayolimning dori-darmoniga va o`zimning ehtiyojlarimga ishlatdim. Keyingina 5 kishi bosqinchilik jinoyatini sodir qilishganini bildim va qolgan 6.000 AQSh dollarini sarflashni to`xtatdim. Bosqinchilik jinoyatini sodir qilmaganman, bu jinoyatga hech qanday aloqam yo`q. Aybim jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermaganim. Etkazilgan moddiy zararlar to`liq qoplangan. Oilaviy sharoitim va oilada yagona boquvchiligimni, voyaga etmagan farzandlarim boriligini, jabrlanuvchining menga nisbatan da`vosi yo`qligini inobatga olishingizni so`rayman.
“QORA NIQOBDA 5 NAFAR ShAXS KIRIB KELDI”
Jablanuvchi Adiz Suvonov sud majlisida quyidagilarni bayon qildi...
- Odil Xatamov oldimga kelib, “tanishimni omonat pullari bor, ularni sanab ber”, dedi. Uning taklifiga rozi bo`ldim. Uyimga 5-6 marotaba AQSh dollarini olib kelishni boshladi. Pullarni sanab, uyimda saqlab keldim. Voqea sodir bo`lgan kun soat 24:00 lardan so`ng Odil bir dona qora paketda AQSh dollarlarini olib kelib berib, “tez qaytaman”, dedi. Darvozani eshigini qulflamasdan xonamga pullarni olib kirib ketdim. Pullarni sanayotgan vaqtimda xonaga yuzlarida qora rangli tibbiy niqobda bo`lgan 5 nafar shaxslar kirib keldi. Biri qo`lida bita va pichoq bilan oldimga kelib, bo`ynimdan bo`g`ishni boshladi. Pichoqni biqinimga tirab, jim turishimni aytdi. Qolganlar esa erdagi AQSh dollarlarini paketga solib, olib chiqib ketishdi. Chiqib ketishayotgan vaqtlarida yuzimga tepib, qo`lidagi bita bilan bir necha marotaba urib xonadan yugurib chiqib ketishdi. Ularning ortidan etib olish maqsadida ko`chaga chiqdim. Ular o`tirib qochgan mashina qaysi tomonga qarab ketganini ko`rdim. So`ng Odilga qo`ng`iroq qilib, bo`lib o`tgan holatni aytib berdim. Ikrom Mamedovga nisbatan hech qanday da`vom yo`q.
Jamoliddin Najimov, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi:
- Shavkat Muxamedovga JKning 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanib, 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 60,61-moddalari tartibida Sh.Muxamedovga jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining 2019 yil 30 sentyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o`talmagan muddatini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 13 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Umarjon O`sarovga JKning 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanib, 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.
Omad Oxunovga JKning 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanib, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
JKning 60,61-moddalari tartibida O.Oxunovga JIB Zangiota tuman sudining 2017 yil 18 iyuldagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o`talmagan muddatini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 12 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.
Sarvar Adizovga JKning 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanib, 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Omiljon O`ktamovga JKning 164-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasi qo`llanib, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
JKning 60,61-moddalari tartibida O.O`ktamovga JIB Yunusobod tuman sudining 2017 yil 14 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o`talmagan muddatini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 12 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi
Bekzod Umirov, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi:
- Ikrom Mamedovga JK 241-moddasining 1-qismi bilan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o`tash belgilandi.