AsosiyJinoyat

Ayolini xiyonatda ayblab, urib-tepib jarohatlagan erga hukm o`qildi

'Ayolini xiyonatda ayblab, urib-tepib jarohatlagan erga hukm o`qildi'ning rasmi

41 yoshli erkak kechki soat 22:00 larda uyida rafiqasi bilan o`zaro janjallashib qolishadi. Oqibatda ayolini yuz va bosh qismiga bir necha marotaba urib-tepib tan jarohati etkazgan. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...

Sud tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko`ra, ayolda o`ng tomon pastki jag` bo`g`im o`sig`i sohasidan sinishi, burun suyagi sinib siljishi, o`ng yuz sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi, teri osti gematomasi, bosh miya yopiq jarohati va chayqalishi, yuz bo`yin va ikkala ko`z qovoqlari sohalari qontalashlari, o`ng ko`z sklerasi qon quyilishi kabi tan jarohatlari mavjudligi, bunday jarohatlar sog`liqni 21 kundan ortiq bo`lgan muddatga buzilishiga olib keladigan, o`rtacha og`irtan jarohatlari toifasiga kirishi aniqlangan.

QILMIShIMDAN PUShAYMONMAN...

Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...

— O`sha kuni ishdan taxminan soat 20:30 larda uyga keldim. Uyda qizim va o`g`lim bor edi. Rafiqam esa uyda bo`lmagan, qo`l telefoniga qo`ng`iroq qilganimda javob bermadi. Taxminan soat 22:30 larda uyga keldi va men yotgan xonaga kirdi. Mast holatda edi, meni haqoratlay boshladi. Bunga chiday olmay hamda rafiqamning ilgari bir necha marotaba xiyonat qilganini o`ylab, yuziga musht tushirdim, tepib itarib yubordim. Uning oyog`ida baland poshnali tuflisi bo`lgani uchun o`g`lim yotadigan krovat yoniga yiqilib urildi. So`ng burnidan qon kela boshladi. Yonimizga qizim va o`g`lim kirib, bizni ajratishdi. Rafiqam va bolalarim birgalikda boshqa xonaga chiqib ketishdi hamda holat yuzasidan “102” xizmatiga hamda tez yordamga qo`ng`iroq qilishdi. Rafiqam bir necha bor menga xiyonat qilib kelgani sababli shu janjal yuz berdi. Qilmishimdan pushaymonman...

KASALXONAGA OLIB BORIB, TIBBIY YoRDAM KO`RSATIShDI”

Sudda jabrlanuvchitariqasida so`roq qilingan ayol quyidagilarni bayon qildi...

— O`sha kuni tug`ilgan kunim edi. Ishxonamdagi xodimlar bilan birga kafeda nishonladik. Mehmonlar ko`p bo`lgani uchun soat taxminan 21:50 larda uyga qaytdim. Kayfiyatim yaxshi edi, erim bilan anchadan buyon o`rtamizda bo`lgan xafagarchilikni yo`qotish uchun u yotgan xonaga kirdim. Yarashish maqsadida edim, meni haqoratlab “ko`chadagilar bilan birga bo`lib kelayapsanmi?” deya tuxmat qila boshladi. Kelisha olmasligimizni bilib, xonadan chiqmoqchi edim ortimdan kelib, elkamdan tortib musht tushirdi va o`g`limning yotoq krovatiga yiqildim. O`rnimdan turib, xonadan chiqmoqchi bo`lganimda erim yana oyog`i bilan bosh qismimga to`rt marotaba tepdi. Noutbuk bilan ham urdi. Bu orada xonaga qizim kirib qolib, otasidan urmaslikni so`radi. Biroq bunga e`tibor bermay, qizimni ham ikki qo`li bilan elkasiga 2-3 marotaba mushti bilan urib, aralashmasligini aytdi va o`zi xonadan chiqib ketdi. Qizim yuzim qon bo`lganini ko`rib, tez yordamga qo`ng`iroq qildi. Meni kasalxonaga olib borib, tibbiy yordam ko`rsatishdi. 

Abror SAIDOV, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi raisi:

— Jabrlanuvchi ayol sudlanuvchi eri bilan yarashmagani haqida bayon qilib, suddan unga qonuniy chora ko`rishni so`radi.

Sudlanuvchining sodir qilingan jinoyatdagi aybi iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmasidan tashqari, dastlabki tergov va sudda so`roq qilingan jabrlanuvchi va guvohlarning ko`rsatmalari, jabrlanuvchi arizasi, sud tibbiy ekspertizasi xulosasi hamda jinoyat ishida mavjud boshqa asosli dalillar bilan o`z isbotini to`liq topdi.

Sudlanuvchi JK 105-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu modda bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar