1

Noqonuniy nafaqa puliga ko`z olaytirgan oqsoqol qo`lga olindi

Jinoyat 09.03.2016, 15:51
Noqonuniy nafaqa puliga ko`z olaytirgan oqsoqol qo`lga olindi

“Coxta hujjatlar”ni tayyorlash quruq rahmat bilan bitmasligi aniq. Sahifada nomi ko`rsatilgan mas`ul shaxslar davlatning mablag`ini rastrata qilish yo`li bilan talon-taroj qilishgan.

Yangi rahbarning ishga kelishi nafaqat xodimlarni, balki, shu hududdagi odamlarni ham sevintiradi. Endi ishda yangilik va o`zgarish bo`ladi, deb kutishadi. 

Pitnak qishlog`ining “Sayapir” mahallasida yashovchi aholi vakillari ham mahalla fuqarolar yig`ini raisi etib saylanganida undan yaxshi ishlar va o`zgarishlar kutishgandi. 2014 yil 2 iyun kunidan yangi lavozimda ish boshlagan M.Saydamatov mahalla fuqarolar yig`ini qoshidagi kam ta`minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash komissiyasi raisi vazifasini ham o`z zimmasiga oldi.

“Yog`li joy”dan yog`ilgani...

Madrim Saydametov yangi ishni yangi rejalar bilan boshlagani rost. Zimmasidagi mas`uliyatni bajarish uchun astoydil ishga kirishgan oqsoqol, huzuriga iltimos bilan ariza ko`tarib kelganlarning emas, xayolidagilarni amalga oshirishga urinardi. Har qalay, har bir arzgo`y qanday bo`lmasin, ishini bitirish payida bo`ladi, buning uchun agar sal imo-ishora qilinsa, ataganini tashlab ketaveradi. 

Lekin, bunday ishlarni bajarishda bitta o`zi yolg`izlik qilish mumkin. Yonida “ko`makchi”lari, sheriklari bo`lmasa, bir kunmas-bir kun siri fosh bo`lib, sharmandasi chiqishi turgan gap.

Xullas, oqsoqolga bu ishda mahalla fuqarolar yig`ini kotibi, shu bilan birgalikda kam ta`minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash komissiyasi a`zosi vazifasida ishlab kelgan O.Ro`ziev hamda mahallaga tuman bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazidan berkitilgan mehnat huquq inspektori J.Qurbanovlar yordamchi bo`lishdi. 

Bola tarbiyasi uchun nafaqa kimga beriladi?

Fuqarolar yig`inlari zimmasiga yuklatilgan eng mas`uliyatli vazifalardan biri bola parvarishi bo`yicha nafaqalarni adolat bilan, tegishli oilalarga belgilash sanaladi. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 8-bandi “bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a`zosiga o`rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining bir yarim baravaridan ortiq bo`lmagan oilalarga tayinlanishi” belgilab qo`yilgan.

Biroq, bu uch “shovvoz” mazkur yuridik hujjat ijrosini ta`minlashda adolatni emas, ko`proq o`z manfaatlarini o`ylashgani aniq. Ana shu maqsadda ular konunda ko`rsatilgan talablarini qo`pol ravishda buzib, soxta hujjatlar tuza boshlashdi. 

Albatta soxta hujjatdan adolat unsurlarini qidirishning o`zi mantiqsizlik. Chunki bunday hujjatlardagi ma`lumotlar har ikki tomonning qonundan tashqari manfaatlarini ta`minlash uchun xizmat qiladi. 

Mas`uliyatsizlik oqibati...

Ish faoliyati davomida mahalla fuqarolar yig`inida 15 kishidan iborat nafaqa va moddiy yordam tayinlash komissiyasini nomigagina tashkil qilgan M.Saydamatov “yordamchilari” bilan birga barcha nafaqalarni tayinlash va tayinlamaslik masalasini o`zaro hal qilishgan. 

Aniqlanishicha, ular nafaqa tayinlanayotgan shaxslarni ish haqlari haqidagi ma`lumotlarni to`liq talab qilib olishmagan, oila tarkibi haqidagi ma`lumotlarni ham noto`g`ri yozishgan: ba`zi  oilalar daromadlarini belgilangan mezondan ziyod ekanligini bila turib, aytin kam ko`rsatishgan. Shu tariqa, nafaqa tayinlanishi mumkin emasligini oldindan bila turib, 2 yoshgacha bolasi bor 5 nafar onalarga 5 mln. 659 ming 110 so`mlik, 14 yoshgacha bolasi bor 6 nafar onalarga 3 mln. 272 ming 164 so`mlik nafaqa pullari hamda bir  oilaga 998 ming 714 so`m moddiy yordam pulini qonunga xilov ravishda tayinlashgan. Jami 12 holatda 9 mln. 929 ming 988 so`m nafaqa va moddiy yordam pullari fuqarolarga noqonuniy tartibda to`langan. 

Albatta, bunday “soxta hujjatlar”ni tayyorlash quruq rahmat bilan bitmasligi aniq. Yuqorida nomi ko`rsatilgan shaxslar bu qilmishlari bilan davlatning shu miqdordagi pul mablag`ini rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilishgan.

Shu o`rinda nafaqat bu kimsalar, o`zi haqli bo`lmasa-da, o`zgalarning rizqu nasibasi bo`lgan bu nafaqa pullarini qonunga xilof ravishda olishga intilgan ota-onalarga ham insof tilashdan o`zga chora yo`q.

Kunida singan ko`za

2015 yil 12 avgust kuniga qadar mahalla fuqarolar yig`ini raisi lavzomida ishlagan Madrim Saydamatov va hamtovoqlari soxta hujjatlar asosida ish yuritib, o`z vazifasini yaxshi bilmaslik hamda qonunga to`la bo`ysunmaslik oqibatida sodir etgan jinoiy qilmishlari uchun qonun olida javob berishdi. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Hazorasp tuman sudi adolatli hukm chiqardi. Unga ko`ra, oqsoqol Madrim Saydamatov ko`p miqdordagi jarima jazosi qo`llanilishi, Omonboy Ro`zievga nisbatan ikki yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda ish   haqining o`n besh foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 

Nargiza Bo`ronova, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1