1

Sizda gapim bor: “Vijdon azobidan qutula olmayapman”

Mutolaa 09.03.2016, 16:52
Sizda gapim bor: “Vijdon azobidan qutula olmayapman”

Vijdon! Uning azobiga chidab bo`lmaydi. Malhami yo`q dard go`yo. Bir muddatga yashirin turadi-yu, soniyalar ichida yaraning usti tirnalib, og`riq kuchaygandan kuchayib ketadi. Shunday kezlari yuragimni changallayotgan bu dardni shu bir parcha go`sht bilan yulib olib otgim keladi... 

O`n uch yildirki, qilgan xatom uchun o`zimni kechira olmayman. Tushlarimga kirib chiqadi o`sha kun. Uyg`onib ketaman-da, hovliga chiqaman. Osmonga boqaman. Gunohlarimni kechirishini so`rayman Yaratgandan. Erga qarayman, hech qachon bu xatomni to`g`rilay olmasligimdan boshim xam bo`lib... Uyga kiraman. Ko`zimni chirt yumib, uxlamoqchi bo`laman.... O`ylamay deyman... Ammo soatning chiqqilshiga o`xshab u bir zum tin olay demaydi. Ba`zida “Nachora, endi vaqt ortga qaytmaydi. Qo`lingdan kelgancha yordam berding, tavba qilayapsan”, deya o`zimni yupatgandek bo`laman. Vijdonim baribir ovunmaydi. 

O`tgan hafta akam uyiga maslahatga chaqirdi. O`g`lini uylantirishmoqchi ekan. Jiyanim shu yil magistraturani tugatib keldi. Ishga joylashdi, odobli yigit. Men kichik amakisi bo`lganim, oramizdagi farq olti yilligi tufayli, buning ustiga, u ham mening soham — injenerlikni tanlagani uchun ham boshqalarga qaraganda bir-birimiz bilan ancha yaqinmiz. Bordim. Darvozadan kirsam, hovlida bo`lajak kuyov turgan ekan. 

— Ha, Sobit, nega sovuqda turipsan so`ppayib. Taqdiring hal bo`layotganda, o`z fikringni aytmaysanmi? — dedim kulib. 

— Taqdirimni mensiz hal qilishayapti, — dedi xomushgina. 

Hayron qoldim. Ortiqcha gapirib o`tirmay, ichkariga kirdim. Kelinoyimning ko`zi qizargan, opam boshini quyi solib o`tiribdi. Akamning bir nuqtaga tikilgan ko`zlaridan hech nimani anglab bo`lmaydi. 

Tinchlikmi? — birinchi aytgan so`zim shu bo`ldi. 

O`tir, — akamning ovozi buyruq ohangida yangradi. Keyin hamma bir-biriga qaradi. Ularning nigohlaridan qanaqadir gapni ayta olishmayotgani sezilib turardi. 

O`tkir sizlarga nimanidir hal qilib berarmidi? Sobitning o`ziga qo`yib berish kerak hammasini, — dedi akam birdan opam bilan kelinoyimga qarab. 

Mening bu voqelikka nima aloqam borligini bilmay, hayratim o`n karra oshdi. 

— Sobitga qolsa, orqa-oldiga qaramay, to`yni boshlaydi. Yolg`izgina o`g`lim-a? Nogiron qizni kelin qilamanmi? — kelinoyim gapini yig`i bilan tugatdi. 

Sobit... to`y... Nogiron qiz... xayollarim chuvalashib ketdi. Akamning tushuntirishlaridan so`ng ko`zim ochildi. Yo`q, xanjar borib yaramga sanchildi. Indamay o`tirdim. Bir soatmi, ikki soatmi, bilmayman? Keyin xayr ham demay, yo`lga tushdim. Yo`l bo`yi o`sha kunni, o`sha mudhish voqeani, o`sha ko`zlari charos qizni, bugun bo`yi etib qolgan, ammo oyoqlari yurolmaganidan bo`y ko`rsatmagan sizni o`ylab keldim. 

***

Mashina olish bir umrlik orzum edi. Sakkizinchi sinfligimdan dadamning “Jiguli”sini o`g`irlab haydardim. O`zimni rulda juda baxtiyor va hammadan zo`r his etardim-da. Bir kuni dadam qilig`imdan xabar topdi. “Ikkinchi mashinaning kalitini qo`lingga olma. Avval o`qi, odam bo`l, o`zing mashina ol, keyin hayda”, dedi-da, yuzimga bir tarsaki tushirdi. Yonimdagi o`rtoqlarim oldida mulzam bo`ldim. Alamdan ahd qildim: “O`zim mashina olaman!” 

O`qishga kirdim. Talabaligimdan ishlab pul yig`a boshladim. O`qishni tugatgach, qishloqqa qaytib, zavodga ishga kirdim. Mol-qo`y boqdim. Pulimni tiyin-tiyin qilib yig`dim. Xullas, etti yil yiqqan-terganimni akalarimning yordami bilan mashinali bo`ldim. Hayotim juda go`zallashgandek edi. Uylandim, o`g`il ko`rdik. Hammasi risoldadagidek ketayotgandi. Toki bu falokat ro`y bermaguncha...

Bir kuni qo`shni qishloqqa kursdosh yigitimning to`yiga boradigan bo`ldim. Ayolimning “Ko`nglim xijil, yo`l mashinasida bora qoling”, deganiga ko`nmadim. “Uzoq-yaqindan kursdosh yigitlar, jo`ralar kelyapti. Orzum ushalganini ko`rib qo`yishsin”, deya mashinada ketdim To`y zo`r bo`ldi. O`rtoqlarim davrasida ichdim. Shu kun mezbonnikida qoldik. Ertasi kuni yana bazm davom etdi. Boshim qattiq og`rigandan yana ozgina ichdim. Tushdan so`ng esa qishloqqa qaytadigan bo`ldim. Es-hushim joyidaligi sabab bemalol mashinaga o`tirdim. Kun ham yorug` deya xotirjam kelayotgandim.

Hmamasi soniyalar ichida sodir bo`ldi. Avvaliga ko`zimga qandaydir sharpa ko`rindi. Keyin mashinamga nimadir qattiq urildi va uchib ketdi. Tormozni bosganimda chinqirgan ovoz eshitildi. Bir... ikki... uch daqiqa. Qanchadir vaqt nima bo`lganini anglolmay o`tirdim. Boshimni ko`tarib qarasam, yo`lda bir qiz yotibdi. Yon-atrofda hech kim yo`q. Bir tomon uylar, bir tomonda katta anhor. “Qizchani urib oldim”. Shu haqiqatni anglashim bilan mashinani o`t oldirdim. Qanchalik xudbin ekanman? Keyin bu joydan juftakni rostlamoqchi bo`ldim. Bir... ikki... uch... Ozgina yurganimdan keyin ichimda nimadir g`alayon qildi. “Balkim u o`lmagandir? Orqamga qaytib, shifoxonaga olib borsam, joni omon qolar. Meni baribir topib olishadi” Shunday o`ylar xayolimda tinmay aylanardi. Chap tomonimdagi kichik ko`zgudan boqdim. Ko`chada hech kim yo`q, faqat men mashinam bilan urib yuborgan qiz behush yotibdi. O`shanda Xudo meni eng katta mudhish xatodan asradi. Vijdonim ilk bor qiynaldi. Uning og`rig`idan izimga qaytdim. Mashinadan tushib qarasam, Siz ingrab yotibsiz. Shu payt ko`chada bir ayol ko`rindi. Voqeani tushundi-yu yugurib keldi. 

Intizor! Nima bo`ldi? — bir menga, bir sizga, bir mashinaga qarab hammasini tushundi. Bir nimalar deb gapira ketdi. Men esa sizni dast ko`tarib, mashinamga yotqizdim. 

Iltimos, shifoxona yuring men bilan! Tezroq olib boraylik, — dedim. 

Shifoxonaga etguncha sizning omon qolishingizni so`rab, ichimda bari bilgan duolarimni o`qidim. Ko`zim o`ngidan esa o`zimning turmadaligim, homilador ayolim, hali endi qadam tashlayotgan o`g`lim o`tardi. Tan olaman, o`shanda ham o`zimni o`yladim. Sizni omon qolishingizni istadim, ammo o`zimning tinchim uchun! Qanchalik ablah ekanman?!

Shukr, hayotingizni saqlab qolishdi. Ammo mening dastimdan, nafsim baloligi sabab, ichib rulga o`tirganim kasridan siz oyoqlaringizdan judo bo`ldingiz. O`shanda o`n ikki yoshli qizaloq edingiz. Shifoxonada u yoqdan bu yoqqa yugurdim. Bori dori-darmonni olib keldim, shifokorlarga zor yalindim, biroq g`isht qolipdan ko`chib bo`lgandi. Otangizning oyoqlariga bosh uritb kechirim so`raganimda u ko`zida yosh va g`azab bilan “Qo`lingdan kelsa, qizimga oyoqlaringni ber” deya yoqamdan ushlab, siltalay ketdi. Zo`rg`a ajratib olishdi. Nega o`shanda o`ldirib qo`ya qolmadikan meni?... Axir vijdon azobi bilan yashash juda og`ir! 

Spirtil ichimlik sabab bir qizni mangu nogironlikka hukm qildim. Qonun oldida jazomni oldim. Uyingizga ko`p bor bosh egib bordim, poytaxtga olib borib, davolataman dedim. Otangiz eshitishni ham istamadi. Oxiri “Iltimos, ko`zimga ko`rinmang! Nimadir qilib qo`yaman sizni!” dedi. Keyin bildim, sizni o`zi poytaxga olib boribdi, lekin naf bo`lmabdi. 

Sobit sizni to`yda ko`rgan ekan. “Aka, shunaqa chiroyli qiz! Ko`zlari charosdek. To`yxonada raqsga tushayotsam, bir qiz kulib, tomosha qilib o`tiribdi bizni. Bir ko`rdim-u, sevib qoldim. Keyin yoniga bordim, rosa o`yinga taklif qildim. Joyidan jilmaydi. Faqat “Men raqsga tushishni bilmayman”, deydi. Sho`xligim tutib, qo`lidan tortqilagandim, yig`lab yubordi. Ko`ngli nozik ekan-da deb, uzrimni so`radim. Bir payt o`rtog`im kelib, imladi. Chetroqqa o`tgach, uning yurolmasligini aytdi. Yomon bo`lib ketdim juda. Keyin telefon raqamini topdim. Zo`rg`a gaplashadi iymanib. Uni yaxshi ko`raman! Aka, iltimos, oyim bilan dadamni ko`ndiring! Axir Intizorning ham baxtli bo`lishga haqqi bor-ku!” deydi jiyanim yolvorib. Akam bilan kelinoyimni ko`ndirdim. Zora sizning baxtingiz kulib, vijdonim taskin topsa, deb. Ammo otangiz akamni bir ko`rishdayoq tanibdi, “Sizga beradigan qizim yo`q”, debdi. Qayta-qayta og`iz solayapmiz, biroq rozi bo`lishmayapti. Onangiz kelinoyimga “O`sha falokatdan keyin dadasi Intizorni eru-ko`kka ishonmaydigan bo`lgan. “Hozir bu bola sevdim, uylanaman, deyapti, ammo qizimiz yurolmasa, unga doim bir odam bosh-qosh bo`lishi kerak. Bo`lmaydigan savdo bu. To`g`ri, bizni ham bog`lab bermagan. Akalari mehribon-ku singlisiga. Bizdan keyin qarovsiz qoldirishmas”, dedi. O`g`lingizga yaxshilab tushuntiring siz ham”, debdi. Baxt eshiklaringizni ham yopib qo`ydim men notavon...

Mana, qizim o`n ikkiga qadam qo`yayapti. “Dada, nega hammaning mashinasi bor. Sizda yo`q”, deb so`rab qoladi goho. “Men haydashni bilmayman”, deb qo`ya qolaman. “Katta odamlar ham bilmaydimi haydashni” deb hayron qoladi. Uning tomog`i og`risa ham, dunyom qorong`u bo`lib ketadi. Sizning otangizni endi tushunayapman. Sizga qanchalik og`ir ekanligini ham. 

Intizor... sizdan kechirim so`rashga-da jur`atim etmaydi. Bunga haqqim ham yo`q! Axir endi vaqt ortga qaytmaydi. Biroq har kun mo``jiza kutib yashayman. Xuddi sizdek. Qaniydi oyoqlaringizga jon qaytsa... 

Shoira VAFOEVA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1