Bugun Kinematografiya agentligi O`zbekiston kino san`ati muzeyida O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaevaning xotira kechasi o`tkazildi.
Yayra Abdullaeva 1930 yilda 14 avgustda Toshkentda tavallud topgan. 1950 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutini tamomlagan va o`sha yildan hozirgi O`zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat ko`rsatgan.
Aktrisa ijodi davomida “Boy ila xizmatchi”, “Opa-singil Rahmonovalar”, “Alpomish”, “Kelgindi kuyov”, “Shabbona”, “Jodugar”, “Zumrad va Qimmat”, “Kichkina odamlar”, “O`yin”, “O, Maryam, Maryam” kabi filmlarda va ko`plab spektakllarda o`ziga xos rollarni ijro etgan. O`zbekiston xalq artisti unvoniga, Hamza nomidagi xalqaro mukofotga, “Do`stlik” hamda “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo`lgan. 2019 yil 14 may kuni vafot etgan.
Xotira kechasida O`zbekiston xalq artistlari Rixsi Ibrohimova, Turg`un Azizov, Gavhar Zokirova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Matyoqub Matchonov, pedagoglar, kinoijodkorlar va yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ustoz san`atkor Yayra Abdullaevaning arxivda saqlanayotgan noyob fotolaridan iborat videorolik, so`ng, hujjatli film namoyish etildi. Mehmonlar aktrisa bilan bog`liq qiziqarli voqealar, teatr va kinodagi ijodiy faoliyati, umrining so`nggi yillaridagi xotiralari haqida suhbatlar bo`lib o`tdi.






