AsosiyShou-biznes

Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev “Salom, sevgi!” filmini tahlil qildi

Sahifamiz eksperti adabiyotshunos Shuhrat RIZAEV 20-fevralda taqdimoti bo`lib o`tgan galdagi “Salom, sevgi!”  filmi yuzasidan fikr bildirib, ijodkorlarning yutuq-kamchiliklariga to`xtaldi...

Shuhrat RIZAEV, adabiyotshunos: 

— Oxirgi paytlarda Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda ancha-muncha sevgi bilan bog`liq xususiy studiyalar tomonidan ishlangan filmlar ko`paydi. Ko`chaga ilingan banerlarning yarmiga yaqinida “sevgi” so`zi ishtirok etgan filmlar. Eng so`nggisi “Salom, sevgi!” kinokartinasi bo`ldi. Afishadan so`z boshlaganim bejiz emas, boisi unga jiddiy yondoshilmagani sezilib turibdi. “Salom, sevgi!” – bu undalma, murojaat, his-tuyg`u ishtirok etadigan ibora. Demak, “salom” so`zidan keyin vergul, “sevgi”dan keyin undov belgisi qo`yilishi kerak. Afishadagi “Salom sevgi” yozuvini ko`rib, filmni ancha tajribasiz yosh ijodkorlar ishlaganini payqadim. Kinozalga kirganimda avvalgi “Men yolg`onchiman” filmidan farqli o`laroq, 450 kishilik zalni yarmi tomoshabin bilan to`la edi. Namoyishdan so`ng rejissyor Ulug`bek Abzalov bilan suhbatlashib, film suratga olishga ishtiyoqi yuqori ekanini payqadim. Mana shu niyatlarini bilim, san`at va kino haqidagi tushunchalar bilan boyitishi kerakligi ham yaqqol sezildi. Filmni ko`rgach, tug`ilgan ilk fikr: hayot va xayol haqidagi tushunchalar bo`ldi. Hayot – o`zining mustahkam qonuniyatlari bilan bog`liq bo`lgan hodisa. Uning qonuniyatlari sira buzilmaydi, ularga bo`ysunmaslik mumkin emas. Xayol – insonning tafakkuri, tushunchalari mahsuli, abstrakt holat. Uni istagancha uzaytirish, qisqartirish mumkin. Kinoga ishtiyoqmand aksariyat yosh ijodkorlar hayot bilan xayolning nisbatlarini farqiga bormay, xayolning qurboniga aylanib qolishayotgani meni ancha tashvishga solyapti. Ular filmlarida o`z xayollariga muvofiq hayotni ko`rsatishyapti. Hayot o`zining shafqatsiz qonuniyat va haqiqatlari bilan ko`rsatilgan taqdirdagina san`at vositasida tomshabin qalbi, tafakkurida o`zgarishlar yasashi, jiddiy taassurot qoldirishi mumkin. Aksincha bo`lsa, tor dunyoqarash, fikrlash, sayoz bilimlarga muvofiq syujetlar to`qilaveradi. “Salom, sevgi!” filmida shunday holatni ko`rdim. Rejissyor va ssenariy muallifi o`z xayollarining maftuniga aylanib, uni haqiqat sifatida talqin qilishga urinishgan. Ushbu holat vaqt o`tishi bilan tuzaladigan yoshlikning xususiyati. Xayol hayot haqidagi bilimlar, ma`naviy meros bilan mustahkamlansagina vaqti kelib, o`z natijasini beradi. Filmni ko`rgach, shu kabi yosh ijodkorlarning kuch-g`ayrati, intilishi, orzularini to`g`ri o`zanga solish va bundan samarali foydalanishning uddasidan chiqish kerakligi haqida o`ylab qoldim. Ularga katta ekran “yo`l”ini bo`shatib bermasdan, ijodiy muhitda toblash zarur. Shundagina ularni kino sohasiga olib kirish mumkin bo`ladi. Unga qadar esa bir necha o`nlab filmlarda rejissyor yordamchisi, ikkinchi rejissyor bo`lib ishlashlari lozim. Kino bejiz sintetik san`at turi hisoblanmaydi. Suratga olishda nihoyatga ko`p jarayonlar bor va unda ishtirok etadigan o`nlab ijodkorlarning ishlarini film ishlayotgan rejissyor bilishi shart. Stanislavskiy “Teatr – kiyim ilgichdan boshlanadi”, deganidek, kino – zarur bo`lgan hamma yo`nalishlarni bilguvchi rejissyorning muayyan loyihasidan boshlanadi. Film suratga olish juda puxta tayyorgarlikni talab etadi.

TITANIKDAN OLINGAN LAVHA...

“Salom, sevgi!”da “Titanik”dagi Jek va Rouzning kema uchiga chiqib, qo`llarini qushdek keng quloch yozib turgan romantik sahnadan foydalanilgan. Lekin Ulug`bek Abzalov bu sahnaga o`zicha yondoshgan. Aniqrog`i, filmda dardga yo`g`rilgan xayol ko`rsatilmagan, voqealar xayoliy uydirmalar bilan cheklangan. “Titanik” voqeasi ham asli to`qima, u erdagi yagona haqiqat kema cho`kkani va ancha odamning halok bo`lgani. Lekin shunday voqea ham bo`lishi mumkin edi, degan haqiqatni badiiy ifoda etib berolgan. Bordi-yu, yurak dardi qo`shilgan xayol mahsuli bo`lsa, albatta tomoshabin tomonidan qabul qilinadi va xotirada uzoq saqlanadi.

AKTRISANING TABIIY IJROSI MANZUR BO`LDI

Ko`r qiz rolini ijro etgan yosh aktrisa Sitora Alimjonovaning o`zini yoshidagi qizlar holatini tabiiy ijro qilgani ma`qul keldi. Lekin Ulug`bekning bosh qahramon rolini o`ynashi noto`g`ri ish bo`lgan. Chunki u o`z vazifasini aniq tasavvur qilolmagan. Filmni ko`rib, o`nlab detallarga oid: bosh qahramon yigitning ota-onasi kim, nega yolg`iz yashashadi, ularga yashash uchun sharoitni kim ta`minlab bergan, yigit nima sabab rassom bo`lib qoldi kabi qator savollar tug`iladi. Professional rejissyor ishlaganida har bir qahramonning o`z biografiyasini ochib bergan bo`lardi...   

Ulug`bek Abzalov, rejissyor: — Shuhrat aka, o`z maslahatlaringiz  bilan bo`lishsangiz...
 

— Maslahatim jahon kinosining eng sara namunalari, fransuz romantizmi, Gollivudning “Oskar” mukofotiga sazovor bo`layotgan filmlari, Xitoy, Yaponiya, Eronning ijod mahsullari, xullas kamida mingta kinokartinalarni ko`ring va albatta ko`p kitob o`qing.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar