Prezident Islom Karimovning shu yil 19 fevraldagi “2016 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq ushbu ayyomni munosib kutib olish uchun har tomonlama puxta taraddud ko`rilmoqda. Xususan, ichki ishlar idoralari tomonidan bayramni tinch-osoyishta o`tkazish, aholi xavfsizligini ta`minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Navro`z bayramini poytaxtimizda, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar va tumanlarda, chekka qishloqlarda yuqori darajada o`tkazish bo`yicha keng ko`lamli tashkiliy-amaliy tadbirlar belgilangan. Bu jarayonda xavfsizlikni ta`minlash uchun tegishli idora va tashkilotlar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari hamkorligi yo`lga qo`yilgan. Bayram shodiyonalari o`tadigan maskanlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda holatlarning oldini olish, yo`l harakati va yong`in xavfsizligini ta`minlash choralari kuchaytirilgan.
Bu haqda O`zA muxbiriga O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Tursunpo`lat Toshpo`latov ma`lumot berdi.
Bayram tadbirlari xavfsizlik talablariga javob beradigan, ob`ektlarda o`tkaziladi. Ana shu maskanlar ichki ishlar idoralarining tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan ko`rikdan o`tkazilishi bilan birga, jamoat tartibini saqlash, yong`in va yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.
Bayram o`tkaziladigan joylar atrofidagi sub`ektlar, aholi turar joylari hamda boshqa maskanlarning yong`inga qarshi holati tekshirib chiqildi. Natijada yong`in sodir etilishi mumkin bo`lgan besh yuzdan ziyod bino va inshoot aniqlanib, tegishli chora ko`rildi.
Profilaktika inspektorlarining jinoyatga olib keladigan sabab va holatlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan sa`y-harakatlari natijasida joriy yilning o`tgan oylarida 2300 ga yaqin mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Navro`z ayyomi oldidan bu yo`nalishdagi ishlar yanada kuchaytirildi. Ayni paytda har bir qishloq va mahallada, ayniqsa, mamlakatimizning chegara hududlarida hushyorlik va ogohlikka chorlovchi targ`ibot-tushuntirish tadbirlari o`tkazilmoqda. Huquqbuzarliklarning oldini olish, sog`lom va ma`naviy barkamol avlodni tarbiyalashga ko`maklashish, yoshlarni turli salbiy ta`sirlardan asrash mavzularidagi uchrashuvlar, suhbatlar shular jumlasidandir.
Xavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan keng qamrovli “Tozalash” tadbiri uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Tadbir davomida aniqlanayotgan huquqbuzarliklar o`z vaqtida bartaraf etilayotir.
Shu kungacha mulkchilik shaklidan qat`i nazar 7 millionga yaqin ob`ekt ko`zdan kechirildi. 192 mingga yaqin ob`ektda turli kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko`rildi.
Bayram kunlari yo`llarda harakat xavfsizligini ta`minlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois yo`llarning holatini yaxshilash, svetofor va yo`l chiziqlarini yangilash yuzasidan salmoqli ishlar bajarildi. Eng muhimi, ko`chalarimizda qoidabuzarliklar tobora kamaymoqda. Bunda yo`l harakati qoidalari takomillashtirilgani, sohaga zamonaviy axborot-kommunakasiya texnologiyalari joriy etilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Chunki bu transport oqimini kuzatish, ularni tartibga solish, qoidabuzarliklarni tezkor aniqlash imkonini bermoqda.





