Spirtli ichimlik iste`mol qilish hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Jinoyatlarga e`tibor beradigan bo`lsak, ularning aksariyati mastlikda sodir etiladi.Bir nemis olimidan ”Nima qilsak jinoyatlarning oldi olinadi?” deb so`rashganda “Sizlar menga spirtli ichimliklar ishlab chiqarishni ellik foizga kamaytirib bersanglar, jinoyatni ham ellik foiz kamaytirib beraman”,deb javob bergan ekan. Ha, afsuski, ichkilik sabab sodir bo`lgan va bo`layotgan jinoyatlar, fojialar oz emas...
Jinoiiy harakatini oxiriga etkaza olmadi
Zafar Yusupov (ism-shariflar o`zgartirilgan) Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor mavzesida, sherigi Rustam Eshmatov va sha`riy nikohdagi turmush o`rtog`i Zoya Tarasovalar bilan spirtli ichimlik iste`mol qiladi. Mast holatda bo`lib, o`zaro suhbat davomida Rustam Eshmatov uning sha`riy nikohdagi turmush o`rtog`i Zoya Tarasovaga jinsiy aloqada bo`lishni taklif qilishi negizida janjallashib qolishadi. O`zi va xotinini haqorat qilgani uchun Rustam Eshmatovni qasddan o`ldirish uchun uydan olib chiqqan oshxona pichog`i bilan hamla qiladi va qorin qismiga jarohat etkazadi. Rustam Eshmatov qarshilik ko`rsatadi, Zafar Yusupovni itarib yuborib, voqea joyidan qochib ketganligi natijasida, u jinoiy harakatlarini o`ziga bog`liq bo`lmagan holda oxiriga etkaza olmaydi.
“Qiz topib ber, dedi...”
Sud majlisida so`roq qilingan sudlanuvchi Zafar Yusupov aybiga qisman iqror bo`lib,quyidagilarni ma`lum qildi:
- O`sha kuni uyda shar`iy turmush o`rtog`im Zoya bilan birga “Kuksi” tayyorladik. Uyda xotinimning akasi Vanya ham bor edi. Keyin Zoya bilan bilan spirtli ichimlik sotib olish maqsadida ko`chaga chiqdik. Gazakni kesish uchun o`zim bilan oshxona pichog`ini ham oldim. Avval kolbasa, keyin ikki dona bir yarim litrlik “Qibray” pivosini xarid qildik. Uyga qaytayotganimizda ilgari mutlaqo tanish bo`lmagan Rustam Eshmatov oldimizga kelib, birgalikda ichishni taklif qildi. Uning qo`lida ham bir baklajka pivo bor edi. Biz rozi bo`ldik, birga tanishim Kostyaning bolalar bog`chasi yonida joylashgan garajiga borib, pivo ichdik. Kostya mendan Rustamning kimligini so`radi, tanishim, deb javob berdim.Soat tunggi 22.00 gacha garajda ichib o`tirdik. Kostya “Kech bo`ldi, tarqalishimiz kerak. Ko`chada PPS mashinasi yuribdi, ichayotganimizni ko`rib qolishsa, yomon bo`ladi”, dedi. Shundan keyin garajdan chiqib, do`konga bordik. Yana pivo sotib oldik. “Dom”lar oldidagi o`rindiqlardan biriga borib joylashdik. Qo`limdagi pichoq bilan kolbasani kesdim. Rustam ham bir baklajka pivo olib kelib, yonimizga o`tirdi. Yana birgalikda ichishni davom ettirdik. Rustam menga “Dam olish uchun qiz topib ber” dedi. Men unaqa tanishlarim yo`qligini aytdim. U esa “Agar tanishing bo`lmasa, oldingdagi Zoyani o`zim bilan olib ketaman”, dedi. Uning gapidan jahlim chiqib, ikkalamiz urushib ketdik. Shunda orqa cho`ntagimga solgan pichog`imni chiqarib, ikki marta qorniga urdim. Hozirda sodir qilgan jinoyatimning oqibatini tushunib etdim, qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Jabrlanuvchi Rustam Eshmatovning menga nisbatan da`vosi yo`qligini inobatga olib, engilroq jazo berishingizni so`rayman.
Hayot uchun xavfli tan jarohati etkazilgan
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasida Rustam Eshmatovga tan jarohati pichoq tig`i tipidagi o`tkir sanchib-kesuvchi jism ta`sirida etkazilganligi va hayot uchun xavfli bo`lgan “og`ir” tan jarohatlari toifasiga kirishligi ko`rsatilgan. Toshkent shahar Hokimligi sog`likni saqlash Bosh Boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasining xulosasiga ko`ra, sudlanuvchi Zafar Yusupov ruhiy asab kasalliklari bilan og`rimasligi, jinoyat sodir qilgan vaqtida va hozirda ruhiy jihatdan sog`lomligi, o`zining harakatlariga to`liq javob bera olishi, majburiy tartibda davolanishga muhtoj emasligi aniqlangan.
Hukm o`qildi
Zafar Yusupov JKning 25,97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga JKning 25,97-moddasi 1-qismi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tashlik belgilandi.
To`lqin To`raqulov, jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi,
Lola Shoimova jurnalist.






