HAMShIRA KUNDALIGI: Shifoxonada bo`sh joy paydo bo`ldi va bu dastlabki g`alaba edi

Mutolaa 28.06.2020, 23:03
HAMShIRA KUNDALIGI: Shifoxonada bo`sh joy paydo bo`ldi va bu dastlabki g`alaba edi

Shimoliy Italiyaning eng og`ir pandemiya hududidagi shifoxonada ishlayotgan hamshiraning kundaliklarining berib borishda davom etamiz.

III QISM

Shimoliy Italiyaning eng og`ir pandemiya hududidagi shifoxonada ishlayotgan hamshiraning kundaliklarining berib borishda davom etamiz.

Ushbu memuarlar ijtimoiy tarmoqlarda juda katta aks-sado berdi. Zero, unda eng xavfli va qaynoq nuqta — “korona-gospital”ga o`zi istagi bilan ko`ngilli bo`lib borgan oq xalat egasi u erda ko`rgan-kechirganlarini oddiy tilda qog`ozga tushirib borgan. Unda yo`qotishlarning achchiq qayg`ulari, har kuni ro`y beradigan g`amgin voqealar, kamdan-kam shodliklar aks ettirilgan.

Birinchi qismda bemorlar soni ko`payib ketayotgani hikoya qilinadi.

Ikkinchi qismda og`ir ahvoldagi birinchi ojiz insonning hayotdan ko`z yumishi, skafandrdagi azoblar asosiy o`rinni egallaydi.

Uchinchi qism esa xuddi Dantening “Ilohiy komediyasi” kabi “Do`zax” va “A`rof”dan keyin yorug`lik albatta kelishini eslatib yuboradi.

O`n uchinchi kun(31 mart)

O`tgan kunlardagi “Tyoz yordam” mashinalari saqlagan sukut aldamchi bo`lib chiqdi. Bugun ular birin-ketin kelishyapti.

Navbatchiligim tushlik paytidan boshlanadi, lekin u tinch o`tmasligini ich-ichimdan his etmoqdaman.

Xuddi shunday bo`ldi ham. Bugun bo`limimiz uchun qora kun. Bir necha odamda keskin(ularni ortga qaytmas degan bo`lardim) yomonlashuv ro`y berdi. Ikki nafari ertalab vafot etgan edi. Og`ir ahvoldagilarning ichida “mening” bobom ham bor edi... Axir men uning turmush o`rtog`i bilan gaplashgandim, uni xotirjam qilgandim. Endi kim tinchlantiradi?

Yana bir bemor ayol azbaroyi holsizlanganidan bo`shashib qolgandi, mendan nimadir qilishni so`rardi, charchagan va dam olishni istardi, kaskasi(og`ir bemorlarning intensiv terapiyasi uchun qurilma)dagi shovqindan boshi og`riyotganini tinimsiz aytardi.

Yana bir yigitni olib kelishdi. U ham kaskada. Sportchilardek kelishgan, baland bo`yli, karavotga zo`rg`a sig`di.

Bir necha soat o`tib haligi ayolning ahvoli juda yomonlashdi, reanimatologlar kelishdi, uni kardiologiyaga olib ketishdi. Uning bo`shagan joyini bir kampir egalladi, uning ham ahvoli juda og`ir. Unga gapirsak, deyarli javob bermayapti.

Kechqurun navbatchi vrach keldi, ikki nafar bemordan kaskasini echib, ularni oddiy niqoblarga o`tkazishga qaror qildi + morfin.

Ulardan biri “mening” bobom!.. Ertaga uni boshqa ko`rmayman.

Agar dastlabki kunlarda bemorlarning o`rtacha yoshi 70dan 90 yoshgacha bo`lgan bo`lsa, hozir ularning yarmidan ko`pi 50 yosh!

Jismonan juda holdan toygandim, ammo bu charchoq yurak og`riqlari oldida hech narsa emas. O`zimni bilmaganga solish va hammasini yurakka yaqin olmaslikka harakat qilyapman, lekin bu oson emas.

O`n to`rtinchi kun(1 aprel)

Bugun va nihoyat oddiy ish kuni bo`ldi. Deyarli hech narsa ro`y bermadi, vazifalar tez, aniq va ortiqcha yugur-yugurlarsiz bajarildi. Bir yosh erkakka ruxsat berildi, uning o`rnini chol egalladi. Bizning yana bir “polk o`g`li” bo`lgan bu bobomiz o`zini shunaqa yaxshi his qilayotgan ediki, hatto o`rnidan turib, sayr qilishga ham chiqib ketayozdi. Biz barchamiz uni ortga(yalangoyoq va bemorlar kiyimida edi) palataga qaytardik. Lekin u baribir xursand edi!

Bugun uch nafar “kosmonavt”ni skafandrlarsiz nafas olishini sinab ko`rdik. Ular o`zlari yuvinish, telefon orqali gaplashish va tanovvul qilishning uddasidan chiqishdi. Faqat maska bilan, biroq kislorod darajasi tushib ketmadi! Uchchalasida ham!

Kechqurun, uxlashga yaqin, ushbu uchovlon yana o`sha og`ir lash-lushlarini kiyishdi, ammo ular endi mutlaqo baxtli insonlar edi!

Ular tunnel oxirida yorug`lik ko`rishgandi. Va biz ham.

Kompyuterdagi dastur orqali “Tez yordam” 15 kishini olib kelganini bildik. Oxirgi haftalar uchun bu ishonish qiyin bo`lgan past raqamlar edi.

P/s: Kechagina ayoli bilan gaplashib, tinchlantirgan bobomiz esa navbatchilikdan ketishim bilan vafot etibdi.

O`n beshinchi kun(2 aprel)

Bugun ham yaxshi o`tdi!

Yo`q, kam yugurmadik, ammo ish tekis va aniq ketdi. Ikki kishiga ruxsat berildi, ularga boshqa tibbiyot muassasasidan joy topildi: ular hozircha o`zlariga o`zlari mustaqil g`amxo`rlik qila olmasa-da, boradigan joylari endi kasalxona bo`lmaydi. Ularni butun jamoamiz bilan kuzatib qo`yamiz, ular baxtli edilar, tabassum qilishib, bizga minnatdorlik bildirishdi. Biz ham jilmayamiz.

Bizning “pol o`g`li”mizga ertaga ruxsat berilar ekan. Uning o`rni bilinadi. Uning ikki hafta oldingi holatini eslayman. U qanday kuch evaziga bunga erishganini tasavvur qilishning o`zi dahshat.

Bir necha kundan beri o`zgarishlar kuzatilmayotgan juda og`ir ahvoldagi bir ayol, qo`llarimni siqqanda doim ko`zlaridan yosh keladigan bir keksa otaxon, yana bir keksa otaxon qolyapti... To`xtang, shifokorning bemor qarindoshlari bilan suhbatini eshityapman: ta`ziyamizni qabul qiling... 10 daqiqa oldin... siz dafn qilish byurosi bilan bog`lanishingiz kerak, uni ko`ra olmaysiz, hammasi bilan byuroning o`zi shug`ullanadi. Juda afsusdamiz...

Yana bir otaxon hayotdan ko`z yumdi.

Birinchilardan bo`lib ishga kirishgan hamkasblarimiz karantindan qaytishdi. Ular boshida bilmay turib bemorlar bilan muloqot qilishgan edi.

Meni etakchimiz chaqirib, birdaniga ikki kunlik(!) dam olish(!!!) bermoqda!!! Quloqlarimga ishonmayapman! Lekin yaqin orada hammasi yaxshi tomonga o`zgarishiga ishonyapman.

O`n oltinchi kundan o`n sakkizinchi kungacha(3-5 aprel)

Ikki kunlik dam olishdan keyin, to`liq o`zimga kelib oldim! Barcha shishlar ketdi va oyoqlarning og`rig`i ham qoldi. O`zingni baxtli his etish uchun aslida ko`p narsa ham kerak emas.

Ikki kun ichida bo`linmadagi qiyofalar o`zgarib ketibdi. Kimdir(“polk o`g`li” ham) tuzalib, uyiga ketibdi, ularning o`rniga boshqalar kelgan. Og`irlari ham, engilroqlari ham bor. Kasbdoshlarimizdan birining ayol qarindoshini ham olib kelishibdi. Uni erkak yotgan palataga yotqizishdi, o`rtasidan parda tortib qo`yishdi. Bu erkak yaqin o`rtada uyiga qaytadiganlardan biri, yangi kelgan ayol esa azob tortmoqda. U vrachlarga so`zsiz quloq soladi va erga qarab yotadi. Faqat ovqat qabul qilish va boshqa proseduralar uchun o`giriladi. Hatto mana shu arzimagan daqiqalar ham uni yo`taltirib yuboradi. Birdaniga kislorod darajasi tushib ketadi.

Yana bir bemor haqida gapirib bermoqchiman. Uning xarakteri oddiy emas, buyruq berishni yaxshi ko`radiganlardan deb aytgan bo`lardim. Birinchi kunlari og`ir bo`ldi, skafandr ham og`irlashdi, xarakteri ham. U bizni tugma bosib bir soat ichida 5-6 martalab chaqirdi. Butun xodimlar holdan toydi, chunki u bizga boshqa bemorlar bilan ishlashimizga ham bermadi. Boz ustiga, uning o`ta og`ir vazni barcha manipulyasiyalarga qiyinchilik qo`shardi, diabeti esa unga nisbatan yuqori darajadagi ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo`lishimizga majbur etardi.

Asta-sekin uning ahvoli yaxshilana bordi, bir kunda bir necha soat skafandrini echib qo`yadigan bo`ldik, keyin tunda shundayligicha qoldirdik, mana endi esa “kostyum”ni to`liq olib tashladik. Va bilasizmi, u hatto kulishni va hazillashishni boshladi! To`g`ri, to`ralarga xos xarakteri o`zgarmadi, tugmadan soatiga ​5-6 martalab foydalanmoqda, ammo hozir bu boshqacha qabul qilinyapti. Bemor tuzalyapti axir! U uch haftadan buyon bo`linmamizda. Unga o`xshagan tashxis qo`yilgan insonga tuzalishi uchun taxminan shuncha vaqt kerak.

Navbatchiligim tugashiga bir soat qolganda keksa onaxon ketdi... jimgina va abadiyga. O`limsiz kunlar qachon boshlanar ekan-a?

Yangi bemorlarda esa ijobiy o`sish kuzatilyapti, ularning ahvoli juda og`ir emas, bu ular o`ta og`ir holatga tushib qolgunigacha qadar etkazib kelinmoqda deganidir!(Ilgari bunday insonlar palatalarga deyarli olinmasdi, chunki joy yo`q edi).

O`n to`qqizinchi kun(6 aprel)

Men ishga o`rganib qoldimmi yo ish engillashyaptimi? Shunday kunlar bo`lgan ediki, uyga etib ololamanmi deb o`ylardim, charchoqdan etim uvushib ketardi, faqat yig`lashni istardim. His-tuyg`ularga berilmaslik uchun hatto dam olvolganimdan keyin kundalik yozishni afzal ko`rgan paytlarim ham bo`ldi.

Endi esa bo`limimizdan ko`pchilikka ruxsat berildi! Hatto bo`sh joylar ham bor. Bu haqda “Tez yordam” bo`linmasi qabulxonasiga ham xabar berib qo`ydik.

Bemorning yo`llanmali kartasini olaman, o`qiy boshlayman: X ismli bemor, onasi vafot etgani va intubasiya qilingan akasi jonlantirish bo`limida ekanligini bilmaydi... yaxshisi o`qimaganim ma`qul.

“Mening” navbatdagi bobomning holidan xabar olishga boraman. U bilan har safar xayrlashamiz, har safar salomlashamiz va har safar u keyingi navbatchiligimni kutishga va`da beradi. U meni ko`rishdan xursand. Tabassum qiladi. Men ham uni ko`rganimdan xursandman! Siz kundan kunga yaxshilanib boryapsiz, deb aytaman! U kulib, kayfiyatini ko`targanimni bildiradi.

Qarindoshlar bilan videoqo`ng`iroqlarni juda ehtiyotkorlik bilan uyushtiramiz(hammaga ham mumkin emas). Ammo o`z yaqinlari bilan gaplasha va ko`ra olganlar ettinchi osmonda deyavering. Qarindoshini ko`rganlar garchi shifoxona palatasida yotgan bo`lishsa ham, yosh bolalardek yig`lab yuborishadi.

Aytib o`tganimdek, juda ko`p odamlar o`z qadrdonlarini oxirgi marta “Tez yordam” chaqirishganda ko`rishgan. Shundan so`ng ma`lum vaqt davomida, ta`ziya bildirilgan so`nggi qo`ng`iroqqa qadar faqatgina vrach bilan telefonlashib turganlar ko`p. Ular o`limidan keyin ham yaqini​ oxirgi manzilga kuzatib qo`ya olishmas edi. Bu juda og`ir, odamlar o`z udumlariga ko`ra dafn etishlari kerak, marhum o`z udumiga ko`ra dafn etilishi kerak, hatto xayrlashish uchun ham imkoniyat berilmasdan yo`qotish esa yanada og`irdir.

Bahor. Kundan kunga havo isib boryapti, daraxtlar deyarli to`liq yashil tusga burkandi. Biroq bo`m-bo`sh ko`chalar kishini xursand qilmaydi. Biz karantinda ekanligimizga yaqinda bir oy bo`ladi.

P/s:Keyingi qismda hamshiramiz hayoti qil uchida turgan bir bemorni qanday qilib asrab qolgani haqida o`qiysiz.

Davomi bor.

 

Risolat MAXSIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1