"Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ matbuot xizmatining xabariga ko`ra, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan joriy yilning 8 iyun kuni «Samarqand — Olmaota — Samarqand» yo`nalishida yangi muntazam aviaqatnov yo`lga qo`yilmoqda. Bu ko`hna kentning zamonaviy havo darvozasini yirik transport va sayyohlik xabiga aylantirish loyihasi doirasidagi yana bir muhim qadamdir.
Ayni kunlarda jahonda epidemiologik vaziyatning barqarorlashish sari yuz tutishi munosabati bilan qator davlatlar o`rtasida avia aloqalar qayta tiklanmoqda. Xususan, Samarqandga amalga oshirilayotgan maxsus (charter) reyslar ham o`z o`rnini muntazam reyslarga bo`shatib bermoqda. Aeroportda ish yana qizg`in pallaga kirgan, aviaqatnovlar soni ichki va tashqi yo`nalishlar hisobiga ortib bormoqda.
Milliy aviakompaniya tomonidan yo`lga qo`yilgan mahalliy aviaqatnovlar shular jumlasidan. Bugun ulardan foydalanayotgan yo`lovchilar uzog`i bilan bir soat ichida respublikamizning Namangan, Urganch, Farg`ona viloyatlari hamda Toshkent shahriga etib borishi yoki u erdan Samarqandga kelishi mumkin. Ahamiyatlisi, mazkur mahalliy reyslar haftasiga bir necha marotaba amalga oshirilmoqda.
«Samarqand — Olmaota — Samarqand» yo`nalishidagi yangi aviaqatnov ham yo`lovchilarda katta qiziqish uyg`otmoqda. E`tiborli jihati, ushbu reys bir haftada ikki marotaba, seshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Xuddi shunday, Qozog`iston tomonidan “Air Astana” aviakompaniyasi ham haftaning chorshanba va yakshanba kunlari Samarqandga muntazam aviaqatnovni yo`lga qo`yishni rejalashtirilgan. Bu o`z navbatida qardosh xalqlar o`rtasida yaxshi qo`shnichilik munosabatlarining yanada mustahkamlashi kafolatidir.
Aytish joizki, bugun Samarqand xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli bunyodkorlik va modernizasiya ishlari dunyoning etakchi aviatashuvchilari tomonidan yuqori baholanib, xalqaro hamkorlik aloqalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar doirasida tez orada Samarqanddan Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni tiklash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Misrning “Air Cairo” aviakompaniyasi bilan «Sharm-esh-Sheyx – Samarqand - Sharm-esh-Sheyx» yo`nalishida ham yangi aviaqatnov yo`lga qo`yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aeroportda rekonstruksiya ishlari yakunlanishi bilan joriy etilayotgan «Ochiq osmon» rejimi unda barcha davlatlarning samolyotlarini qabul qilish, xalqaro aviaaloqalarda tranzit vazifasini o`tash imkoniyatini beradi. Shu ma`noda, Samarqandning zamonaviy havo porti hududning iqtisodiy o`sish drayveri, yangi sayyohlik markaziga aylanmoqda, deya aytish mumkin.
Manba: Xalq so`zi






