AsosiyJamiyat

IIV ekstremistlardan ogoh bo`lishga chaqirdi

'IIV ekstremistlardan ogoh bo`lishga chaqirdi'ning rasmi

Bugungi kunda turli terroristik va ekstremistik tashkilotlar o`zlarining aqidaparastlik g`oyalarini fuqarolarimiz o`rtasida yoyishda Internet tarmog`idan faol foydalanib kelmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ana shunday shaxslardan ogoh bo`lishga chaqirdi.  

Xususan, aholi orasida “Abdulloh Zufar” nomi bilan tanilgan ekstremistlarning g`oyaviy rahnamolaridan biri – Zofir G`afforov aynan shunday shaxslardan.  

Uning Internet tarmog`idagi noqonuniy targ`ibot faoliyati fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida terrorizm va ekstremizm bilan bog`liq jinoyatchilikning oshishiga, oilalar parokandaligiga, ota-onalar va farzandlar o`rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlarga, farzandlarimizning qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga chiqib ketishlariga asosiy sabab bo`lmoqda.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosalariga ko`ra, “Abdullox Zufar”ning aksariyat ma`ruzalari O`zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy tuzumini zo`rlik bilan ag`darishga xizmat qiluvchi va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan bo`lib, ularni respublikamiz hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlanadi.

Shu sababli IIV fuqarolarni “Abdulloh Zufar”ning diniy ma`ruzalari aks etgan har qanday ko`rinishdagi diniy materiallarni respublikamiz hududiga olib kirish, saqlash (shu jumladan, kompyuter, noutbuk, telefon apparatlari va boshqa elektron ma`lumotlarni saqlash/tashish qurilmalarida) va tarqatish (og`zaki, yozma, elektron ko`rinishda va h.k.) O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159, 244 prim 1 va 246-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka hamda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo`lishi haqida ogohlantiradi.

“Abdulloh Zufar”ga nisbatan respublikamiz huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruv e`lon qilingan bo`lib, uning hozirgi kundagi aniq manzili, aloqa vositalari, jinoiy aloqalari hamda boshqa tergov uchun ahamiyatli ma`lumotlarni taqdim etgan shaxslarga, basharti ularning ma`lumotlari tasdiqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka asosan mukofot pullari taqdim etiladi.

Agarda yuqoridagi ma`lumotlarni taqdim etgan shaxslarning o`zlari qidiruvda bo`lsa, ularning jinoiy javobgarligini engillashtirish va mamlakatimizga qaytarish choralari ko`rib chiqiladi.

“Abdulloh Zufar” haqida ma`lumotlarga ega shaxslar Ichki ishlar vazirligining 102 qisqa, (+998) 71 231-34-33 raqamlariga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishi mumkin.

"Ma`lumot taqdim etgan shaxslarning maxfiyligi sir saqlanishi kafolatlanadi" deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar