AsosiyJamiyat

Respublika umumta`lim maktablariga 1-sinfga qabul kunlari ma`lum qilindi

'Respublika umumta`lim maktablariga 1-sinfga qabul kunlari ma`lum qilindi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan  brifingda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma`lum qildi.

Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta`lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi. Jarayon 2 bosqichda bo`ladi:

Birinchi bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali ro`yxatdan o`tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar.

Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi. Birinchi maktab-ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, ya`ni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab;

Ikkinchi va uchinchi maktablar - ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay bo`lgan  maktablar.      

Ikkinchi bosqichda 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya`ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish to`liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo`yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi.  

️ Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo`lsa, ya`ni elektron ro`yxatdan o`tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo`sh o`rinlar bo`lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo`ladi.  

Qolgan hududlar (Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)lari) umumta`lim maktablarida  1-sinfga  qabul an`anaviy shaklda, ya`ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

Qabul an`anaviy shaklda amalga oshiriladigan hududlarda ota-onalar bevosita 2021 yilning  15 iyundan -15 iyulga qadar  doimiy yashash manzili bo`yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini 1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini topshirishlari mumkin.  

Shuningdek, 16 iyuldan - 15 avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, ya`ni mikrohududiga kirmasa ham bo`sh o`rinlar bo`lsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.  

Eslatib o`tamiz, “Ta`lim to`g`risida”gi yangi tahrirdagi Qonunning 9-moddasiga asosan etti yoshga to`ladigan yilda qabul qilinadi (2014 yil 1 yanvaridan 31 dekabrigacha tug`ilgan bolalar).  

Mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, ya`ni nodavlat xususiy barcha ta`lim muassasalari uchun ham majburiydir.  

 Umumta`lim maktablariga biriktiriladigan mikrohududlar  mahallalarning joylashuvi va aholining demografik o`sishini inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida belgilanadi.

Hududlarda yangi uy-joylarning qurilishi yoki ma`muriy hududiy chegaralarning o`zgarishi sababli tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta`lim maktablariga biriktirilgan mikrohududlar qayta  o`zgartirilishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar