AsosiyMutolaa

Hamshira kundaligi: kovidning 2-to`lqini boshlanmasligi o`zimizga bog`liq

'Hamshira kundaligi: kovidning 2-to`lqini boshlanmasligi o`zimizga bog`liq'ning rasmi

Monitordagi g`adir-budur chiziqlar esa to`g`ri bo`lib boryapti. Bemor esa yig`lab, bizga o`tina boshladi: Iltimos meni qutqaring.

IV qism

Koronavirusdan eng ko`p aziyat chekkan Italiyaning shimoliy hududiga borib, ko`rinmas yovga qarshi jangga kirgan nozik xilqat egasi qog`ozga tushirgan kundaliklarining to`rtinchi, so`nggi qismini e`tiboringizga havola etamiz.

Eslatib o`tamiz:

1-qismda gospitalga bemorlarni "oqib" kelishganidan, joy qolmagani haqida hikoya qilingan edi.

2-qismda “skafandr”(intensiv terapiya uchun kostyum) ichidagi azoblar qalamga olingan.

3-qismda esa hatto Dantening “Do`zax”idan keyin ham yorug`lik kelishi namoyon bo`ladi.

ORTGA NAZAR

Pandemiya chekinyapti, og`ir kasallar soni tobora kamaymoqda. Birinchi kunlarni eslashning ayni chog`i.

Turmush o`rtog`im Xitoyda ishladi, Rojdestvo arafasida uyga qaytayotganda, yo`lda qolib ketdi. Unga “korona-gospital”ga volontyor sifatida ketayotganimni aytganimda, u men bilan besh kun gaplashmadi, hatto ultimatum ham qo`yib ko`rdi. Axiyri hammasi befoyda ekanligini tushundi va tanlagan yo`limda meni qo`lidan kelgancha qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Dastlabki 11 kun dam olishsiz ishladim, kechasi esa uyga zo`rg`a etib kelar, kechki ovqatni eyishga ulgurmasdan, tappa tashlab uxlab qolardim, butun vujudimdagi og`riqdan hatto telefonda gaplashishga holim bo`lmasdi. Hammasini tashlab ketgim kelardi. O`zimni dahshatda sezardim. Niqobda nafas olishga o`rgangan bo`lsam-da, o`zimning karbonat angidrid gazimdan qayt qilib yuborgim kelardi, kiyimlar birinchi soatdanoq terdan shalabbo bo`lar va navbatchiligim oxirigacha shu ko`yi yurardim.

Meni doim titroq bosardi, issig`im chiqayotgandek bo`laverardi. Kasalga o`xshardim. Organizm esa bunday munosabatga qarshilik ko`rsatardi. Ba`zida nega ham keldim degan fikrlar miyamni qoplab olardi. 20 yosh bo`lmasam axir. Ammo bilsam qo`shni kvartiradagi mendan ancha yosh bo`lgan volontyorlar ham shunday xayolda yurishgan ekan. Shundan keyin hammasini tushundim: muammo menda emas, ish hajmida.

Tushlarimga "kovid", karantin, shifoxona kiraverar, bulardan qo`rqib, ko`pincha tunlari uyg`onib ketardim... Keyin atrofga qarab, hammasi ham tush emasligini tushunardim.

O`tgan safar aytgandim, yaqinini so`nggi yo`lga kuzatib qo`ya olmaslik odamlar uchun qanday musibat solsa, yaqinlari kelib ko`ra olmaydigan bemorlar ham shunday qayg`uni boshidan kechiradi. Ular o`zlarini “shifoxonada o`lib ketishga tashlab ketishgani uchun” telefon orqali qarindoshlariga baqirardi. Men faqat bir narsa haqida o`ylardim: chiday olamanmi — chiday olmaymanmi. Shunday paytlarda urushlarni, charchoqdan yugura olmay oyog`ida zo`rg`a turgan, xandaqlarda yaqinlariga xat yozgan askarlarni, ular qanday iflos sharoitlarda yashaganini xayolimga keltirardim. Mening sanuzelli va dushxonali katta kvartiramda esa hamma narsa, katta oshxona, dam olish uchun barcha sharoitlar bor. Shundan so`ng engil tortardim.

Turmush o`rtog`im ham shunday paytlarda meni qo`llab-quvvatlab, agar engilsam, o`zini kechira olmasligini, shuning uchun hammasiga sabr bilan bardosh berish kerakligini aytardi.

Endi kundalikni davom ettiraman.

Yigirma ikkinchi kun(7-9 aprel)

Dam olish kunlaridan keyin(ha endi bizda dam olish kunlari bor!) yana ishdaman. O`zgarishlar ko`p. Bemorlar kamaygan! Bo`lim kengayib, bo`shab qolibdi, endi to`liq dezinfeksiya qilish mumkin. Xodimlarni safi ham qayta to`ldiribdi, ertaga endi boshqa bo`linmada ishga chiqaman.

Bu eng asosiy va ijobiy yangilik edi.

Karantin o`z samaralarini bera boshladi! Hammasi bekor ketmabdi! Missiyam yakuniga etay deb qoldi va tez orada uyga, yaqinlarim davrasiga qayta olaman.

Yigirma oltinchi kun(10-13 aprel)

Meni boshqa bo`lim, kardiologiyaga o`tkazishdi. Nom qaysi joyda ekanligimni bildirish uchun kerak, aslida bu erda ham o`shanday tashxis qo`yilgan bemorlar yotibdi.

Oldingi bo`linmani tarqatib yuborishdi, uni bemorlarni qabul qilish uchun tayyorlashadi. Bundan oldin sanitarik ishlov berish uchun yopishadi. 

Yangi bo`lim menga yoqdi, u erda bo`lardan-bo`lmasga yugurtirishlar(va doimiy jerkishlar) yo`q, lekin vazifalarni aniq taqismoti bor, yana koridorlari ham uncha uzun emas(endi kuniga 8 km. emas, balki “bor-yo`g`i” 6 km. yuryapman — qo`limga taqib olgan qadam o`lchagich orqali bilib oldim).

Endi bemorlarga ko`proq vaqt ajratish mumkin.

Yoshlar ham pasayib bormoqda. Bo`linmada hozir 50 yoshgacha bo`lgan 4 erkak davolanyapti!

Bir yoshi katta xorijlikni ham olib kelishdi, aytgancha. Biror so`z aytmaydi! Na italyanchada gapiradi, na biz uning tilida javob qaytaramiz! U bilan endi qanday ishlaymiz? U ham skafandrda, lekin har ikki soatda ustidan echib tashlaydi. Bo`ldi bas, deymiz va bunday qilmaslik kerakligini aytib, uni tinchlantiramiz. Ammo bu ham ko`p ish bermaydi.Ovqat emaydi! Nima bersak ham, tupurib tashlaydi, na iloj. Faqat venasiga glyukozani qabul qiladi.

Qatorasiga besh marotaba ertalabki navbatchilikda turdim. Lekin bu bo`limda oldingilaridan farqli ravishda uncha charchamayman! Oldinda esa ikkita dam olish kuni kutib turibdi.

Kelganimga ancha bo`ldi, ammo biror marta shahar markazini aylanmabman. Garchi o`zim markazda tursam ham! Nazoratlar va jarimalardan azbaroyi qo`rqqanimdan, bir oy umrim o`tgan shaharchani aylanmasdan qaytib ketsam kerak.

O`ttiz birinchi kun(14-18 aprel)

Bugun oxiridan bitta oldingi navbatchiligim. Kardiologiyada ishlash esa yoqdi. Ajoyib jamoa, yoshlar ko`p, ko`p hazillashamiz, kayfiyatimiz ko`tariladi, hatto ish kombinezonlariga rasm chizib olishadi, ismlarini yozib olishadi, futbochilarga o`xshab raqam ham qo`yib olishganiga nima deysiz.

Hamshiralarning esa o`z irim-sirimlari bor: Navbatchilik tugaguncha hammasi tinch dema”.

Yosh bir tibbiyot xodimi keldi, ishlashni boshlaganiga 3-4 kun bo`ldi. Navbatchilik tugashiga ozgina qolganda, taqiqlangan so`zlarni aytib yubordi-ku. Hamma shu zahoti unga qarab “Tsss” deydi. Navbatchilik tugayapti, yangi “smena”dagilar kelishdi, ishimizni topshiryapmiz. Shu payt mutlaqo beqaror bemorlardan birining yuragi to`xtab qolgani haqida kompyuter signal berib qolsa bo`ladimi. Qizil chiroq yonishni boshladi.

Barcha xodimlar, chaqirilgan shifokorlar, reanimatologlar barchasi o`sha bemor yotgan palataga yugurishdi, yo`l-yo`lakay oldindan tayyorlab qo`yilgan va ichida barcha zarur narsalar: EKG, defibrillyator solingan aravani olvolishdi. Yugurib kirganimizda, u bizga hech narsani tushunmay qarab turardi.

Shifokor: Ishlaringiz yaxshimi? Bemor: Hammasi yaxshi. Shifokor: Ismingiz nima? Yoshingiz nechchida? Bugun qaysi sana?

U bemorning ahvolini tekshirish uchun mana shunday oddiy savollarni berishni boshlaydi. U esa hammasiga to`g`ri javob berdi. Ammo har bir savoldan keyin ovozi pastlab borardi. Shifokor “razryad” berishni boshladi: birinchisi... venaga dori yuborilyapti, yurak faoliyati aks etgan monitorga qarashmoqda. Savol berishni davom ettirishyapti, tilini ko`rsatishni so`rashdi, monitorga qarashdi, ikkinchi “razryad” qilindi. Monitordagi g`adir-budur chiziqlar esa to`g`ri bo`lib boryapti. Bemor esa yig`lab, bizga o`tina boshladi: Iltimos meni qutqaring.

Ffffffuuuuuxxx..... hammasi o`tib ketdi. Uni asrab qoldik! U biz bilan! Eng qizig`i, monitor ham bemor nimanidir tushunishdan oldin hamma narsani ko`rsatib turardi.

Men esa u bilan birga qoldim, o`zi, xotini, bolalari, nevaralari, hammasi haqida gapirib berishini so`radim. Faqat jim turmasa bo`ldi! Unga shunaqa ko`p simlar ulab tashlangan ediki, buni elektrik hatto tushida ham ko`rmagan. Bosim, qondagi kislorod, EKG, telemetriya, defibrillyatordan kelgan kabellar.

Uning bosimi past, ko`zlarini yumadi, charchagan, uxlashni xohlaydi. Ammo hozir mumkin emas, unga xuddi prokuror kabi yangi savollarni beramiz, u esa javoblarni.

Shifokor kirib keldi, ular gaplashishadi, shifokor ko`z qiri bilan asboblardagi ma`lumotlarga qaraydi. U niqobining ostidan kulayotganini ko`rib qoldim. Keyin ovozini chiqarib aytadi: bugun biz seni jang qilib qaytarib oldik! Bemor unga qayta va qayta minnatdorchilik bildiradi.

Navbatchiligim shunday tugadi! Qanday yaxshi! Xuddi qushdek uchib ketyapman, charchoq yo`q, faqat xursandchilik bor! Shifoxonada esa “kovid”ni yuqtirgan bemorlar soni borgan sari kamayib boryapti.

Ertaga oxirgi ish kunim.

Karantin o`z samaralarini beryapti. Derazamning tagidan shifoxonaga yo`l ko`rinib turibdi. Avvallari “Tez yordam” mashinalari 5-6 soatda bir marta o`tardi. Va men shundan kun yaxshi yoki tomonga qarab ketayotganini bilib olardim. Hozir esa kuniga 5-6 marta o`tyapti.

Endigi eng asosiy narsa shuki, barchasiga jiddiy yondashish kerak va karantin tugagandan keyin ham ikkinchi to`lqin boshlanib ketmasligi uchun bir muddat ehtiyotkorlikka rioya etish darkor.

Risolat MAXSIMOVA

    Boshqa yangiliklar