Bugun, 9 iyun kuni taxminan soat 04:35 larda Samarqand shahar M.Bedil ko`chasida joylashgan “Ishon Standart” MChJ ASGQShda fuqaro M.U. boshqaruvidagi 2002 yilda ishlab chiqarilgan “Nexia” rusumli avtoulovda o`rnatilgan siqilgan gaz ballonning yorilishi bilan bog`liq portlash sodir bo`lgan. Bu haqda Samarqandi viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Portlash natijasida avtomobil va shaxobchaning gaz taqsimlash ayvonining tunukali shift qismi zararlangan.
Ushbu hodisa oqibatida yong`in sodir bo`lmagan va tan jaroxati olganlar yo`q, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, so`nggi vaqtlarda mashinalarga o`rnatilgan gaz ballonlarining portlash holati ko`p kuzatilmoqda. Xususan, 1 iyun kuni Qashqadaryodan Toshkentga ketayotgan “Lasetti” Sirdaryoda portlab ketib, ikki kishi halok bo`lgan. 22 may kuni Farg`onadagi gaz qo`yish shahobchasida "Vaz-2101" avtomobilining gaz balloni portlagan. 22 may kuni Chiroqchida Neksiyaga o`rnatilgan gaz balloni portlab, 2 fuqaro voqea joyida vafot etgan.






