Ijtimoy tarmoqlarda taniqli tadbirkor Murod Nazarovning "Tashkent City" tarkibidagi birorta qurilish tasdiqdan o`tmaganligi haqidagi intervyusi ko`pchilikning muhokamasiga sabab bo`ldi. Ko`pchilikda "Tashkent city" — maxsus hududmi? Nega qurilishi deyarli yakunlangan binolar hamon hujjatsiz? degan savol paydo bo`ldi.
AOKAda o`tkazilayotgan matbuot anjumanida ushbu savolga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov javob qaytardi:
«Agar bu haqda biror bir tadbirkor sub`evtik fikrini aytgan bo`lsa, bu uning o`z fikri. Maxsus hududlar «Iqtisodiy hududlar to`g`risida»gi qonun bilan tartibga solinadi, masalan, sanoat bilan bog`liq erkin iqtisodiy zonalar. Boshqa kimningdir shaxsiy fikri rasmiy ahamiyatga ega emas.
«Tashkent city» hududida er ajratish masalalari qonuniy hal etilgan. Qurilish ob`ektini qurishda lozim bo`lgan hujjatlar turi juda ko`p. Ular orasida qurilish boshlanmasdan tayyor bo`ladigani ham, qurilish jarayoni bilan parallel tayyorlanadigan hujjatlar ham bor.
Agar qaysidir qurilish ob`ektining tayyor bo`lishi kerak bo`lgan hujjati hamon yo`q ekanini aniq aytadigan bo`lsangiz, shunda unga qonuniy baho berish mumkin bo`ladi».






