“Fuqarolar na urush bor, na boshqa, yo`lda o`lib ketyapti”
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov AOKAda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida qoidabuzarliklar aks etgan foto va videotasvirlarni tegishli idoralarga yuborayotgan jamoatchilik vakillari, xalq tilida “kazyollar” deya noo`rin ta`rif berilayotgan fuqarolar haqida o`z munosabatini bildirdi.
“Mana shu masalani ko`taradiganlarni men qonun ustuvorligini hurmat qilmaydiganlar, o`sha ishlatilayotgan termin (“kazyol”)ni ham men o`ylaymanki, qonunchilikni ta`minlashga o`z xissasini qo`shayotganlarga hurmatsizlik va haqorat, deb bilaman.
Qonun ustuvorligi 1-darajada bo`lishi kerakmi-yo`qmi? Maqsaddan kelib chiqilishi kerak. Maqsad nima? Shu sohada tartibga keltirishmi-yo`qmi? Agar bu maqsad qonunchilikni tartibga solish, shu sohada odamlar o`limining oldini olish bo`lsa.
Oxirgi 3 yil ichida 5 ming odam yo`lda o`lib ketyapti-ku, bunga qanday javob berish mumkin? Bu erda asosiy masala – o`sha shaxsning huquqbuzar ekanligi. Biz aytmayabmiz – qandaydir huquqbuzarmas odamning shaxsiy hayotiga borib aralash, borib oynasidan mo`rala, deyilayotgani yo`q. Ko`chada, jamoat joyida noqonuniy xatti-harakat bilan shug`ullanayotgan bo`lsa, tushunyapsizmi? U huquqbuzar bo`lsa, kerak bo`lsa, “ya gotov prodat svoyu dushu za eto”. Ya`ni, o`sha huquqbuzarlikni to`xtatish uchun davlat har qanday yo`ldan foydalanishi kerak!
Butun dunyo bundan foydalanadi. Pora bilan bo`layotgan sharoitda porani ushlab berishga rozisizku? Huquqbuzarlikni katta-kichigi bo`lmaydi. Ahloqiy qoida emas bu! Bu – davlatning belgilab qo`ygan qonun-qoidalari! Yo`l harakatidagi bugungi holat shunaqaki, fuqarolar na urush bor, na boshqa, shunday yo`lda o`lib ketyapti. Shunday ekan, nafaqat bu yo`nalishda, balki har qanday sohada shu kabi rag`batlantiruvchi tizimni kiritish kerak!” - dedi vazir.
Ma`lumot uchun:
Statistikaga qaraydigan bo`lsak, YTHlardagi eng ko`p holatlar belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (32,4 foiz), piyodalar o`tish joyi bo`lmaganligi sababli yo`lni belgilanmagan joyidan kesib o`tish (16,2 foiz), ustunlikka ega transportga yo`l bermaslik (11,2 foiz) bilan sodir etilgan ekan. Biz jar soladigan yo`llar nosozligi natijasida esa 4 foiz YTHlar sodir etilibdi.
Xulosa o`zingizdan!
Sardorbek Rahmonqulov