Jizzax viloyati, Sh.Rashidov tumani, Yangi hayot ko`chasida yashovchi mavsumiy ishchi 34 yoshli M.I.A. Turkiya davlatiga borib ishlashni rejalashtiradi. Biroq, u xorijga borib ishlash to`g`risidagi ma`lumotlarni rasmiy mehnat agentliklari orqali emas, balki olx.uz platformasidan izlaydi.
O`z navbatida, M.I.A. olx.uz platformasida ishlash uchun Turkiyaga yuborish bo`yicha professionalga aylangan “Jamshid” ismli shaxsning "firibgarlik to`ri"ga ilinadi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda
Aniqlanishicha, “olx.uz” platformasida ish izlayotgan M.I.A. "Turkiya davlatiga ishga yuboramiz" nomli e`longa ko`zi tushadi. E`lonni joylashtirgan firibgar "Jamshid" bilan muloqotga kirishadi, u M.I.A.ni Turkiya davlatiga ishga yuborib, unga oyiga 1000-1500 AQSh dollari oylik maosh to`laydigan ish o`rni topib berishni va`da qiladi va M.I.A.ning ishonchiga kirib, undan Turkiya davlatiga borish uchun viza va yo`l xarajatlari uchun avvaldan 500 AQSh dollari zarurligini bildiradi.
Mo`may oylik daromad haqida eshitgan M.I.A. "Jamshid"ning "firibgarlik to`ri"ga ilinadi va oshna-og`aynisi, qarindosh-urug`laridan yig`ib-terib jami 1,5 mln. so`m mablag` to`playdi va ushbu pullarni o`zi biron marotaba yuzma-yuz ko`rib gaplashmagan, faqat “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida yozishmalar orqali tanishgan "Jamshid"ning plastik kartasiga tashlab beradi. Firibgar shuncha mablag`ni qo`lga kiritgandan so`ng, M.I.A. bilan o`zaro yozishmalarni o`chirib tashlaydi va u bilan aloqani to`xtatadi.
M.I.A.ning Prezident portaliga yo`llagan murojaati Farg`ona viloyati, Farg`ona shahar IIO FMB tomonidan ko`rib chiqilib, noma`lum shaxsga nisbatan firibgarlik bilan jinoyat ishi qo`zg`atiladi va tergov harakatlari davomida firibgar "Jamshid"ni aniqlashning imkoni bo`lmaydi.
Ta`kidlash joizki, fuqaro M.I.A.ning Prezident portaliga murojaati ijobiy hal etilishini ta`minlash va firibgar "Jamshid" jinoiy harakatlariga chek qo`yish orqali fuqarolarning undan jabr ko`rishini oldini olish maqsadida, mazkur jinoyatni sodir etish usullari Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan Farg`ona shahar IIO FMBga borib o`rganib chiqiladi.
Jinoyatni sodir etish uslublari tahliliga tayangan holda o`tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, ushbu firibgarlik jinoyati Farg`ona viloyati, Farg`ona shahrida yashovchi, 24 yoshli T.J.G`. tomonidan sodir etilganini aniqlanib, qo`lga olinadi.
Natijada T.J.G`.ning olx.uz platformasidagi jinoiy faoliyatiga barham berildi. Hozirda T.J.G`.ga nisbatan Farg`ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






