Jizzax viloyatida Tataristonning Qozon federal universiteti filiali ochiladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi va Toshkent davlat texnika universiteti vakillaridan iborat O`zbekiston delegasiyasi Rossiyaga xizmat safari doirasida Tataristonning Qozon federal universitetiga tashrif buyurdi.
Ta`kidlanishicha, uchrashuv davomida ushbu oliygohning Jizzax viloyatida filiali faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha to`rt tomonlama kelishuv memorandumi imzolangan. Memorandumga ko`ra:
- Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali 2022/2023 o`quv yilidan faoliyatini boshlaydi;
- filialda eng kamida 40 foiz professor-o`qituvchi Qozon federal universiteti hisobidan ta`minlanadi;
- Jizzax viloyati hokimligi tomonidan professor-o`qituvchilar va talabalar turar joy bilan ta`minlanadi;
- kadrlar tayyorlash Qozon federal universiteti ta`lim dasturlari asosida yo`lga qo`yiladi.






