O`zbekiston Fanlar akademiyasi O`zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda institut direktori Nizomiddin Mahmudov ushbu ilmiy jamoaning faoliyati, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, nashr etilayotgan risolalar, olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ma`rifiy loyihalar xususida ma`lumot berdi.
Shuningdek, u so`nggi yillarda mamlakatimizda jamiyatda o`zbek tilining nufuzini oshirish, obro`-e`tiborini mustahkamlash borasida qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari va ularning ijrosi borasida institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham gapirdi.
Madaniyati o`zaro mushtarak bo`lgan xalqlarni doim bir-birining xalq ijodiyoti qiziqtirib kelgan. Shu sabab suhbat davomida professor M.Jo`raevning institut folklor bo`limida amalga oshirilayotgan ishlar, xususun, “O`zbek xalq ozaki ijodi yodgorliklari”ning 100 jildligi tayyorlanayotganligi haqidagi ma`lumotlar barchani birdek sevintirdi.
Institut ilmiy xodimlari, ayniqsa, yosh olimlar orasida xalqaro miqyosda o`tkazilib kelinayotgan turli xil ilmiy konferensiyalarda ishtirok etayotgan, amaliyot uchun chet elga borayotgan va xalqaro mukofotlarni qo`lga kiritayotganlar safi kengaymoqda. Shunday olimlardan biri G`.Ismoilov ham Turkiya tomonidan tashkil etilgan qurultoyda ishtirok etgani va bu ilmiy safari davomida Anqara universiteti tilshunos olimlari bilan hamkorlik bo`yicha qilgan suhbatdan katta taassurotlar bilan qaytgani haqida so`zladi. Shuningdek, olim kelajakda Turkiya davlati olimlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar bo`yicha o`z takliflarini berdi.
Turkiya davlati bilan adabiy aloqalar yaxshi yo`lga qo`yilgani ta`kidlandi. Institutg direktori o`rinbosari M.Otajonova Turkiya davlati bilan adabiy aloqalar borasida amalga oshirilayotgan ishlar hakida ma`lumot berar ekan, bunda olimlar, ayniqsa, doktorantlarning akademik almashinuvini yo`lga qo`yish muhim ekanligini ta`kidladi.
Turkiya davlati elchisi bildirilgan taklif va mulohazalar borasida o`z fikrlarini bayon etar ekan, Turkiya-O`zbekiston olimlari orasida ilmiy aloqalar juda yaxshi yo`lga qo`yilgani, bu soha ravnaqi uchun muhimligi, biroq bu munosabatlarni rasmiy, yuqori darajada ham amalga oshirish lozimligi qayd etildi. Ilmiy tashkilotlar orasida memorandum (shartnoma)lar asosida hamkorlik istiqbollarini aniq belgilab olish va izchil amalga oshirish lozimligi ta`kidlandi.
Samimiy kechgan suhbatda Turkiya elchisi tomonidan institut kutubxonasiga 10 jildli "Büyük Türkçe Sözlük" lug`ati taqdim etildi. Institut tomonidan ham til, adabiyot va folklor yo`nalishida chop etilgan ilmiy risolalar, kitoblar elchi janoblariga sovg`a qilindi.
Manba: O`zA






