Avval xabar berganimizdek, 9 iyun kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tumanida 4 nafar yigitni tuproq bosib qolib, ulardan uch nafari halok bo`lgan edi. Ayni paytda "O'zsuvta'minot" AJning ma`lum qilishicha, shu kuni 05:30 larda fuqaro S.U. (1990-y.t.), voyaga etmaganlar S.K. (2006-y.t.), S.M. (2007-y.t.) va D.M. (2004-y.t.) Qo`ng`irot tumani “Suo`enli” OFY hududining cho`l qumlik qismida, er ostida bo`lgan suv quvurini qazib olib ketmoqchi bo`lgan vaqtda, tuproq o`pirilib bosib qolishi oqibatida 3 kishi voqea joyida vafot etgan, bir kishi tuproq ostidan chiqarib olinib, Qo`ng`irot tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Keltirilishicha, ushbu fuqarolarning 3 nafari maktab o`quvchilari bo`lgan. Ular shu kuni tonggi soat 4:00-4:30 atrofida diametri 300 mm bo`lgan cho`yan quvurni noqonuniy tarzda sindirib olib ketmoqchi bo`lganda, yog`ingarchilik tufayli yumshab qolgan tuproq ostida qolishgan. 3 kishi voqea joyida vafot etgan bo`lsa, bir kishi qochib ketgan va keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlanib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo`ng`irot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.






