O`zbekistonda may oyida yillik inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etadi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yilning may oyida yillik inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan tezlashgan. Bunda oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o`sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyasiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo`lgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o`sishi umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi ta`sir ko`rsatib, 2021 yil may oyida 8,2 va 8,5 foizni tashkil etgan.
Mavsumiy omillar ta`sirchanligi yuqori bo`lgan meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyasiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etgan va umumiy inflyasiya sur`atlari bilan tenglashgan.
Inflyasion kutilmalar va sezilgan inflyasiya ko`rsatkichlari mart–aprel oylarida ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining keskin o`sishi natijasida aprelda o`suvchi trendni namoyon etgan.