AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov aynan shu savol bilan mas`ullarga murojaat qildi.
Ruslanbek Davletov, Adliya vaziri:
“Inson omilini to`liq yo`qotib bo`lmaydi. Uni maksimal darajada minimallashtirish mumkin. U qaerlarda saqlab qolinadi? Birinchi, er auksionga chiqariladi, deganda inson omili saqlanib qoladi. Chunki erni kimdir auksionga chiqarish kerak. Bugungi kunda buning muammoli bo`lgan joylari bo`lgan. Masalan, ayrim tumanlarda erlar auksionga chiqarilmagan. Nimaga? Chunki to`g`ridan-to`g`ri erni ajratish imkoni bo`lgandan keyin yaxshi erlar shu tarzda to`g`ridan-to`g`ri ajratilgan. “Yoshlar kelajagimiz” dasturi uchun, deyilgan. Mahallaga guzar qo`yib berish uchun, deyilgan. 1 sotix joyiga mahalla guzari qurishadi-da, buyog`ida 20 sotix joyni chiroyli joydan berib yuboradi. Yoki hech kim olmaydigan, uzoq erlardan qo`yilgan auksionga. Masalan, auksionga 26 mingta er chiqarilgan bo`lsa, shundan 14 mingtasi sotilgan. Bundan davlat hisobiga 270 milliard so`m pul tushgan. Oldin shu pul ham tushmagan. 2020 yil 1 yanvardan auksionda er sotish yo`lga qo`yilgan bo`lsa, yomon emas bu raqam. Lekin bizning prognozlarimizga asosan mutasaddilar erni auksionga chiqarishga majbur bo`lishadi. Chunki, tadbirkorlik, servis, rivojlanish talab qilingandan keyin ular erni auksionga chiqarishiga to`g`ri keladi. Auksionga chiqarilgandan keyin qolgan jarayonlar 100 foiz avtomatlashtirilgan: - Ishtirok; - Hujjatni rasmiylashtirish avtomat; - Er bo`yicha hokim qaror rasmiylashtirmaydi. Ya`ni bayon avtomatik ravishda inson omilisiz hujjat rasmiylashtiriladi”.






