AsosiyJamiyat

Qurolga tenglashayotgan mashina pedallari: Falokatlar taqdirmi yoki oqibat?

'Qurolga tenglashayotgan mashina pedallari: Falokatlar taqdirmi yoki oqibat?'ning rasmi

YHXBBning xabar qilishicha, so`nggi to`rt oyda mamlakatimizdagi yo`l transport hodisalari (YTHlar) soni 2 242 ta bo`lsa, shundan 557 ta o`lim holatlari kuzatilgan. Jarohatlanganlar esa 1 684 kishi. Tasavvur qiling, bu insonlar kimningdir aka-ukasi, opa-singlisi, boquvchisi, suyangan tog`i yoki kelajak umidi. Biz bu kabi YTHlar sonining oshishida yo`l infratuzilmasining yo`qligi, sharoitsizlik yoki boshqa sabablarni keltirib “bong uramiz”. Yoki bu o`limlar, mayib-majruhliklar sababini “taqdiri azal, peshana, falokat”ga yo`yadiganlar ham bor. Aslida-chi? Real inson sifatida, vijdonan baholaydigan bo`lsak, holat boshqacharoq ifodalanmaydimi?

AVVALO, O`ZIMIZ AYBDORMIZ

Statistikaga qaraydigan bo`lsak, YTHlardagi eng ko`p holatlar belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (32,4 foiz), piyodalar o`tish joyi bo`lmaganligi sababli yo`lni belgilanmagan joyidan kesib o`tish (16,2 foiz), ustunlikka ega transportga yo`l bermaslik (11,2 foiz) bilan sodir etilgan ekan. Biz jar soladigan yo`llar nosozligi natijasida esa 4 foiz YTHlar sodir etilibdi.

Bosh uchta sababga e`tibor qiling:

1. Nega tezlikni oshiramiz? Zarurat yuzasidanmi? Aksariyat hollarda unday emas. Bizdan hech kim o`zmasligi kerak, degan kibrimiz bor. Men juda tez hayday olaman, degan manmanligimiz bor. Lekin tezlik me`yori faqat bizda emas, butun dunyoda belgilab qo`yilganki, bu bejizga emas. Uning negizida insoniyat xavfsizligi yotibdi, koshki buni tushunsak...

2. Haydovchilarni kibrda, manmanlikda “aybladik”. 100 metr masofaga ham borishga erinib, yo`lni shartta ko`ndalang kesib o`tadiganlar, harakat yo`lining o`rtasiga chiqvolib taksi to`xtatadigan piyodalarni kim, deb atash mumkin? Ularning loqaydligi va o`zbilarmonligi bu statistikaning yuqorilashiga hissa qo`shyapti.

3. Yuqorida aytganimizdek, bizdan hech kim o`zmasligi kerak, hattoki harakatda ustunlikka ega bo`lsa-da. Yo`l bermaymiz. Harakatda faqat men borman, men ustunman, men hammadan aqlliman, degan prinsip bilan harakatlanib, xuddi o`zimizdek fikrlaydiganlar bilan YTH sodir qilib qo`ygach, boshimiz “devorga uriladi”. Yo`q, shunda ham jarima yuqoriligidan noliymiz, qilib qo`ygan qoidabuzarligimizni suratga olib, tegishli joyga yuborganlarni to`planib sazoyi qilamiz, “kazyol”ga chiqaramiz. Qilmishimiz tufayli inson hayoti xavf ostida qolayotganini o`ylab ham ko`rmaymiz.

HAShAMAT EMAS, EHTIYoJ VOSITASI

O`zbekning orzusidagi dabdabali to`y va uy qatorida mashina ham oliy o`rinda turadi. Mashinang bor – sen to`kissan go`yo. Oramizda unga oddiy bir maishiy buyum, ehtiyoj vositasi sifatida emas, hashamat deya qarovchilar ming afsuski, hali-hamon talaygina. Choyxonaga boramiz – hammamiz mashinada boramiz. Ko`z-ko`z qilamiz va suhbatimizning asosi ham kimda qanday mashina, kecha radarni qanday aldab ketganimizu, eng yuqori tezlikda nechchiga chiqqanimizni aytib, o`zimizdan g`ururlanamiz. Maktab, oliy ta`lim muassasasi, qo`shni mahalla – xullas, nonga chiqsak ham shu ahvol. Natijada, tirbandliklar, asabiylashishlar, kim o`zarlar, poygalar boshlanadi. Chunki “biz hammadan boymiz”!

“VAZIYaT O`ZGARIShI KERAK, ODAMLAR! GAZNI BOSISh QUROL TEPKISINI BOSIShDEK BO`LIB QOLYaPTI-KU!!!”

Haydovchi, sening mansabing – shunchaki mashina emas, sen ham shunchaki haydovchi emassan. Tezlikni me`yordan oshirganda, rulni mumkin bo`lmagan tomonga burganda, kerak vaqtda tormozni bosmaganda va yana ko`plab holatlarda sen potensial qotilga aylanishing mumkinligini tushun. Seni shu chegaralarga yaqinlashtirmay turgan o`sha kameralar va ularning egalarini ham to`g`ri qabul qil. Qoida buzma! Nima qilasan, boshqa birovlarga baho berib, o`zingga to`g`ri bo`l! Shunda qoidabuzarlikni suratga olganlarga mukofot uchun oltin bersa ham, bu sening muammoing bo`lmaydi!” – deydi o`z sahifasida bloger Shahnoza Soatova bu kabi holatlarga munosabat bildirarkan.  

XULOSA O`RNIDA

Ko`zlarimizni ochaylik. Aslida qonun-qoidalarga itoatkorlik qilsak, jarimalar miqdori ham ahamiyatsiz bo`lib qoladi. O`zimizni oqlovchi - xohlab-xohlamay qoida buzib qo`yishga esa mutlaqo haqqimiz yo`q. Chunki barchamiz harakat ishtirokchisimiz. Hammamiz haydovchilik madaniyatini o`zimizdan boshlaylik. Yaqinlarimizni kerak bo`lsa koyiylik. Farzandlarimiz, uka-singillarmizga o`rgataylik. Bo`lmasa, bu mudhish raqamlar soni oshaveradi va bizning fojiamizga aylanib boraveradi...

Sardorbek RAHMONQULOV

    Boshqa yangiliklar