Davlat test markazi Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani to`g`risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Bu haqda 12 iyun kuni markaz axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy test tizimi joriy etilgan. Test savollari Xalq ta`limi vazirligi va Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va DTM tomonidan respublikaning barcha hududlarida tashkil etilib, o`tkazilgan.
Hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan 2 marotaba milliy sertifikat uchun test sinovlari tashkil etilgan. Test sinovlari jarayoni to`liq videokuzatuv kameralari ostida o`tkazilgan.
Test materiallari Davlat feld`egerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o`tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta`minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin etkazilgan. Test sinovlari to`liq yakunlangandan so`ng Davlat feld`egerlik xizmati xodimlari muhrlangan maxsus qoplardagi test materiallarini Davlat test markazi xodimlaridan qabul qilib oldi va barcha materiallar to`liq holda markazga qayta etkazilishi ta`minlangan.
DTM axborot xizmatining ta`kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlari 11 may kuni o`tkazilgan jarayonga tegishli bo`lib, 9 iyun kuni o`tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan. Biologiya fani bo`yicha keltirilgan test topshiriqlari, haqiqatan ham, 10 iyun kuni o`tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o`tkazib bo`linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko`plab xatolar bilan kompyuterda terilgani, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmagani aniqlangan.
Olingan oxirgi ma`lumotlarga ko`ra, ayrim o`quv markazlari tomonidan «bu savollar tushadi» bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilgani ma`lum bo`lgan. Bugungi kunda mazkur holatlar bo`yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va Davlat test markazi hamkorligida tekshirish ishlari olib borilmoqda.