AsosiyJamiyat

Buxoro aeroportida "Tramadol"ni yashirincha olib kelgan qo`shni davlatlik fuqaro qo`lga olindi

'Buxoro aeroportida "Tramadol"ni yashirincha olib kelgan qo`shni davlatlik fuqaro qo`lga olindi'ning rasmi

Buxoro aeroportida «Tramadol»ni yashirib, olib kelgan tojikistonlik fuqaro ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorlikdagi tezkor tadbiri davomida Buxoro aeroporti chegara bojxona postiga Dushanbe–Buxoro yo`nalishidagi aviareys bilan O`zbekiston hududiga kirib kelgan tojikistonlik fuqaro bojxona nazoratidan o`tkazilgan. Tekshiruv davomida unga tegishli bo`lgan qora rangli sumkada turli xildagi dori vositalari topilgan.

Xususan, sakkizta konvalyutada jami 80 dona, «Antikamen» dori qutining flakoni ichida ko`k va oq rangli «Tramadol» giyohvandlik vositasiga o`xshash 71 dona, oq va qizil rangli kapsula ko`rinishdagi 98 dona, yashil rangli kapsula ko`rinishdagi 6 dona, oq va jigar rangli kapsula ko`rinishdagi ikki dona, «Somnol Zopiklon 7,5 mg» yozuvli etti dona tabletka, bir dona «Active» yozuvli, bir dona «Mekol» yozuvli, bir dona «Tridoks» yozuvli maz ko`rinishidagi siqma plafonlar borligi aniqlangan. 

Shuningdek, qo`l sumkasi ichidan to`rt dona «Tramadol» psixotrop tabletkasi, arab alifbosidagi yozuvlari bo`lgan broshyura, paypoqlari orasidan uch dona polietilen bo`lagiga o`ralgan, qoramtir rangli, yumshoq-smolasimon, giyohvandlik vositasiga o`xshash modda, xotirasida O`zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan diniy mazmundagi audio va videolavhalar bor bo`lgan «Galaxy A50» qo`l telefoni aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontarabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar