Surxondaryo viloyati Jarqo`rg`on tumanida 11 iyun kuni erkak onasi bilan tortishib, uni armatura bilan urdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Jarqo`rg`on tumani Xo`jaqishloq mahallasida yashovchi Sh.J. oila a`zolari bilan uy-joy masalasida davom etib kelayotgan nizosi sababli 11 iyun kuni soat 14:30 larda mast holatda uyiga borgan. O`zi bilan yashovchi onasi Sh.R. bilan tortishib qolib, qo`lidagi armatura bilan onasi Sh.R.ni urgan. U boshqalar bilan ham «o`ldiraman» deb, janjal qilgan. Fuqaro Sh.R. janjalni tinchitish va o`g`li Sh.J.ga chora ko`rish maqsadida tuman ichki ishlar bo`limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`linmasi (IIB HPB) profilaktika inspektorlariga telefon qilib, ularni uyiga chaqirgan.
Tuman inspektorlari soat 17:00 larda Sh.R.ning uyiga borgan. Sh.J.ning yonida olib yurgan pichog`ini olib qo`yib, Sh.J.ni tinchlantirish uchun yaqin qarindoshi Q.Sh.ga bergan.
Shuningdek, soat 23:00 larda Sh.R. yana tuman IIBga telefon orqali murojaat qilib, Sh.J. do`konga borib, fuqarolar bilan janjallashayotganini aytgan. Sh.J.ni profilaktika inspektorlari 3-sonli IIB binosiga olib ketgan.
Fuqaro Sh.J.ga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan biror-bir tan jarohati etkazish holati bo`lmagan. Sh.J. 11 iyun kuni spirtli ichimlik iste`mol qilib, fuqarolarning tinchligini buzgani va ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani yuzasidan tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.