Sayohat tashkilotchilari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 100-son qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston bo`ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini respublika byudjetidan qaytarish tartibi to`g`risida”gi nizomning 33-bandiga muvofiq ushbu Nizomda keltirilgan shaklda har oy yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay ariza bilan yozma yoki elektron shaklda O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligiga murojaat qilishi kerakligi belgilab qo`yilgan.
Shu asosda sayohat tashkilotchilarining xarajatlariga subsidiya olish to`g`risidagi arizalar qabul qilinmoqda, deya xabar qilmoqda "Uzbektourism".
Arizalarni qabul qilishning oxirgi kuni – 15 iyun. Subsidiya sayohat tashkilotchisining mahalliy sayyohlarga O`zbekiston Respublikasi bo`ylab tashkil etilgan sayohatlarning transport chiptalari hamda mehmonxona xizmatlari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun taqdim etiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
• ariza beruvchining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), STIR va xizmat ko`rsatuvchi tijorat bankidagi hisob raqami rekvizitlari to`g`risidagi ma`lumotlar;
• avia va temir yo`l chiptalari uchun to`lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (shartnoma, hisob-fakturalar, shuningdek shartnomaga ilova tariqasida syyohlarning pasport ma`lumotlari ko`rsatilgan ro`yxat);
• sayohat tashkilotchilari tomonidan joylashtirish vositalarida mahalliy turistlarga ko`rsatilgan xizmatlar uchun tuzilgan shartnomalar bo`yicha to`lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (elektron hisob-faktura, kassa yoki terminal apparati cheklari, bank to`lov hujjatlari shartnomaga ilova tariqasida sayyohlarning pasport ma`lumotlari ko`rsatilgan ro`yxat bilan);
• turistik vaucherlarning nusxalari (O`zbekiston Respublikasi “Turizm to`g`risida”gi 549-sonli qonunining 3-moddasiga asosan, turistning tur tarkibiga kiruvchi xizmatlarga bo`lgan huquqini belgilovchi va ularning haqqi to`langanligi faktini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek mazkur Qonunning 26-moddasiga ko`ra turoperator va (yoki) turagent hamda turistik mahsulot buyurtmachisi shartnomada turistik mahsulotdan foydalanish shartlarini, shu jumladan sayohat dasturini, yo`nalishi va shart-sharoitlarini, joylashtirish vositalari, yashash va ovqatlanish sharoitlari, sayyoh va ekskursantni vaqtincha bo`lish mamlakatida (joyida) tashish bo`yicha xizmatlar, ekskursiya etakchisi, gid (gid-tarjimon), yo`riqchi-yo`l boshlovchi mavjudligi, shuningdek qo`shimcha xizmatlar to`g`risidagi ma`lumotlar keltirilishi lozim).
Nizom talablaridan kelib chiqib, sayohat tashkilotchilarining may oyidagi xarajatlari qoplanishi to`g`risidagi arizalar iyun oyining 15-sanasigacha qabul qilinishi ma`lum qilinadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan may oyida sayohat tashkilotchilariga 7 872 033,2 so`m miqdorida subsidiya ajratilgan.






