O`tgan yilning mart oyidagi pandemiya davrida o`zini Buxoro viloyatining sobiq hokimi marhum O`. Barnoevning jiyani, deb tanishtirgan o`ttiz ikki yoshli fuqaro J. Teshaboy ko`lga tushdi. Bu haqda "Postda" xabar berdi.
J. Teshaboy Kogon tumanida tug`ilgan va Qorovulbozor tumanida istiqomat qilgan. U bir necha marotaba Jinoyat kodeksining turli bandlari bilan javobgarlikka tortilgan. Ya`ni, 2015 yildan xavfli residivist sifatida ro`yxatga olingan. 2020 yilning mart oyida boshqa jinoyatlari sabab ozodlikni cheklash jazosini o`tayotgan bo`lishiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo`l urgan.
J. Teshaboy fuqarolarning mulkini qo`lga kiritish maqsadida o`zini hokimlikning kam ta`minlanganlarga uy-joy ajratish bo`limi xodimi deb ham tanishtirgan. Shuningdek, u COVID-19 pandemiyasi sababli karantin e`lon qilingan paytdan foydalanib, hokimlik binosiga kirib-chiqish cheklangani bois, o`z faoliyatini bino tashqarisida yuritayotganini aytgan. Va viloyat hokimligi binosining orqa tomonidan kirib-chiqiladigan joyda fuqarolar bilan uchrashib kelgan. Uchrashuv davomida u bir necha fuqarolarga shahar hududida qurilayotgan yangi ko`p qavatli uylardan imtiyozli kredit asosida uy-joy olib berishni va`da qilib, ulardan katta miqdorda pul undirgan.
Xususan, 20 yillik kredit asosida beriladigan uy-joylarning boshlang`ich to`lovi sifatida fuqaro Z.H.dan 3 million 229 ming so`m, F.H.dan 1 million 617 ming 500 so`m, M.J.dan 2 million 800 ming 515 so`m, M.X.dan 3 million 284 ming so`m, R.B.dan 3 million 200 ming so`m, O`.B.dan 3 million 285 ming so`m pullarni olib, o`z ehtiyojiga ishlatadi. Oradan ancha vaqt o`tishiga qaramay, uy-joylari masalasida yangilik bo`lmagach, fuqarolar noroziligini bildiradi. J. Teshaboy esa vaziyatdan chiqish maqsadida hiyla ishlatadi. O`zi chuv tushirgan fuqarolarga pullarini olgani haqida soxta kirim g`azna orderini rasmiylashtirib beradi va shu yo`l orqali 10 nafar fuqaroning pullarini o`zlashtiradi.
Keyinchalik uy-joydan umidini uzgan fuqarolar J. Teshaboyning xatti-harakatlaridan shubhalanib, bu haqda huquq-tartibot idoralariga ma`lum qilishadi. Shu tariqa, soxta jiyanning “faoliyati”ga chek qo`yiladi.
Sud soxta jiyanning so`nggi manzili – qamoqxona ekanligini yana bir bor eslatib, uni Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.






