Sirdaryo tumani hokimligi mas`ullari va davlat tashkilotlari rahbarlari va raqqosalar aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Bu bo`yicha Sirdaryo viloyati hokimligi bayonot berdi.
Aytilishicha, jarayon 2020 yil oktyabr oyining o`rtalarida taxminan kech soat 21:00 da (ishdan tashqari vaqtda) Sirdaryo tumanidagi restoranlardan birida sodir bo`lgan.
Ishdan tashqari vaqtda boshqa fuqarolar singari restoranga ovqatlanish uchun borgan mas`ullar - tuman hokimi o`rinbosari (o`sha vaqtda tuman hokimi yordamchisi) tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig`i, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo`yicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yo`llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari bo`lgan.
Mazkur shaxslar o`tirgan xonaga restoranda xizmat ko`rsatayotgan "Shov ballet" raqqosa qizlari kirib kelgan. Raqqosalarning kutilmaganda kirib kelishi ularga ma`qul kelmagan. Shu sababli raqqosalarga pul berilgan va xonani tark etishi so`ralgan. Natijada videodagi holat yuzaga kelgan.
"Holat yuzasidan restoran ma`muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Mas`ul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko`rsatishlari lozimligi eslatib o`tildi. Shuningdek, lavozimdan ozod etish kabi qat`iy chora qo`llanilishi belgilandi", — deyilgan bayonotda.