AsosiyJamiyat

Sergelidagi badbo`y hid yuzasidan 22 nafar mas`ulga ma`muriy ish qo`zg`atildi

'Sergelidagi badbo`y hid yuzasidan 22 nafar mas`ulga ma`muriy ish qo`zg`atildi'ning rasmi

Avvalroq, Sergeli tumani “O`zgarish” mahallasidagi ekologik holatning achinarli ahvolga kelib qolgani va bu bo`yicha Senat o`z o`rganishlarini boshlagani  haqida xabar bergan edik. Ayni paytda holat yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Farhod Dehqonov quyidagilarni ma`lum qildi:

- Sergeli tumani hududida ba`zi paytlari kuzatilayotgan badbo`y hidni bartaraf qilish maqsadida “Toshkent shahar suv ta`minot” MChJ taqdim qilgan potensial xavfli korxonalar ro`yxati bo`yicha Bektemir va Salar oqova suv tozalash inshootlariga texnik suvlarni tashlovchi korxonalarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha biznes-ombudsman ruxsatiga asosan tekshiruvlar amalga oshirildi.

Uning natijalariga ko`ra, korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas`ullariga nisbatan O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi Kodeksi tegishli moddalari bilan ma`muriy ishlar qo`zg`atildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korxonalarda lokal oqova tozalash tizimini ishga tushirish, ularni ta`mirlash va samarali ishlashini ta`minlash yuzasidan qisqa muddatda bajarilishi lozim bo`lgan majburiy ko`rsatmalar berildi.  

Bektemir tumanida joylashgan 9 ta korxona tomonidan berilgan majburiy ko`rsatmalar o`z vaqtida bajarilmaganligi sababli davlat ekologik ekspertizasining belgilangan muddatdan oldin amal qilishini to`xtatish va shahar kanalizasiya tarmog`idan uzish maqsadida Toshkent shahar iqtisodiy sudiga da`vo arizasi kiritildi.  

Salar oqova suv tozalash inshootiga ishlab chiqarish oqova suvlarini tashlovchi 18 ta korxonadan 11 tasida tekshirishlar amalga oshirildi.

Me`yor darajasida tozalanmagan oqova tashlayotgan korxonalar faoliyati vaqtincha to`xtatildi.

    Boshqa yangiliklar