Har yili 14 iyun Butunjahon donorlari kuni sifatida nishonlanadi.
O`zbekistonda o`z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan fuqarolar an`anaviy tarzda “O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni bilan mukofotlanadi. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar bermoqda.
Bu yil ham respublikamizning barcha hududlarida doimiy, beg`araz donorlarni va donorlar harakatini rivojlantirishda faol ishtirok etadigan tashkilotchilarni rag`batlantirish ko`zda tutilgan. Ya`ni 14 iyun — Butunjahon donorlar kuni mamlakatimiz bo`yicha 26 nafar fuqaroga “O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni joylarda sanitariya-epedimiologiya talablariga rioya etgan holda topshiriladi.
Ma`lum qilinishicha, sog`lom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz hisoblanadi. Chunki odam organizmida 4,5-5 litr qon bo`lib, undan 200 yoki 400 ml olinadi va organizm 36 soat ichida topshirilgan qon miqdorini tiklab olish xususiyatiga ega. Boz ustiga, bu muolaja qon tizimi ishini o`ziga xos ravishda rag`batlantiradi. Asosiysi, qon topshirisharterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilashga xizmat qiladi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko`ra, xavfsiz qon faqatgina beg`araz donordan tayyorlanadi. Beg`araz donorlikni aholi orasida rivojlantirish uchun mamlakatimizda ko`pgina ishlar amalga oshirilmoqda.
JSST bu yilgi Butunjahon donorlari kunini butun dunyoda “Qon topshiring, dunyoda hayot davom etsin” shiori ostida o`tkazishni taklif etgan. Bunda qon donorlari dunyoda kimningdir hayotini saqlashga va yana kimningdir hayoti mazmunini yaxshilashga qo`shgan hissasi muhim ekanligi targ`ib qilinadi.






