Bugun bo`lib o`tgan brifingda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga jurnalist Zafar Qosimov quyidagi savol bilan yuzlandi:
Tojikiston va O`zbekiston hamkorlikda GES qurilishi haqida aytib o`tdingiz. Umuman, Tojikiston hududi gidroenergetika jihatidan katta salohiyatga ega. Ushbu mamlakatda gidroenergetika sohasida hamkorlik istiqbollari qanday?
Bunga javoban:
"O`tgan besh yil davomida ikki davlat o`rtasidagi boshqa sohalar qatori gidroenergetika sohasida ham hamkorlik sifat nuqtai-nazaridan ijobiy tomonga o`zgardi. Tojikiston xududidagi Zarafshon daryosida GES qurish masalasini o`rganishga ikki mamlakat rahbarlari 2018 yilda topshiriq bergan edilar. Prezidentimizning Tojikistonga bu galgi tashrifi doirasida aniq bir hujjat - Zarafshon daryosida ikkita GES qurish loyihasi bo`yicha qo`shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to`g`risida bitim imzolandi. Jamiyatga yuklatiladigan vazifa mazkur loyihani amalga oshirish uchun tegishli barcha o`rganishlar o`tkazish hamda loyihani texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat bo`ladi. Hozircha bu inshootlar qurilishining smetasi haqida gapirishga erta, avval texnik va iqtisodiy asoslar o`rganib chiqilib, keyin bir to`xtamga kelish mumkin. GESlar qurilishi natijasida 1 milliard 400 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo`ladi. O`zbekistonning o`z ehtiyojlari uchun Tojikistondan qo`shimcha elektr energiyasini etkazib berish imkoniyatlari yanada kengayadi, o`z navbatida, Tojikistonda ham elektr ta`minoti yaxshilanadi. Tojikistonga qilingan tashrif davomida har ikki davlat rahbarlari tomonidan bitimning ijrosiga o`sha kundan e`tiboran kirishish lozimligi haqida tegishli vazirliklarga jiddiy topshiriq berilgan", dedi Sherzod Asadov.






