Namangan viloyat sudi sudyasi D.Kamilovning ma`lum qilishicha, sudlanuvchi R.X. 2006 yilda fuqaro A.K. bilan tanishib, u bilan shar`iy nikohdan o`tgan holda yashab kelgan. Oilada farzand tug`ilgandan so`ng 2010 yilda nikohni rasmiylashtirilgan.
2021 yilning 31 yanvaridan 1 fevralga o`tar kechasi A.K. spirtli ichimlikdan mast holda uyga kelib, yashash xonasida uxlab yotgan 2010 yilda tug`ilgan qizi, voyaga etmagan B.G.ning kiyimlarini echib, tegajog`lik qilmoqchi bo`ladi. Shu payt kichik farzandining yig`isidan uyg`onib ketgan xotini undan nima qilayotganini so`raydi. Er esa nosqovog`ini qidirayotganini aytib, tezda yana joyiga yotib oladi. Bundan qattiq ta`sirlangan R.X.ning g`azabi qo`ziydi. Spirtli ichimlik ta`sirida uxlab qolgan erining ojiz ahvoldaligidan foydalanib hovlida bo`lgan bolta bilan uning bosh sohasiga bir necha marotaba urib, qasddan o`ldiradi. Sodir etgan jinoyati izlarini yashirish maqsadida, A.Kning murdasini yashash uyidagi foydalanilmay kelinayotgan xonaga olib kirib, uch kun saqlaydi. Nihoyat, 3 fevral kuni tungi soat 03:30 larda jasadni hovlidagi bodom daraxtining oldiga sudrab olib chiqadi, qon tekkan gilam va matolarni esa boshqa xonaga olib kirib yashirib qo`yadi.
Shundan keyin qo`shni uyda yashovchi qaynakasi Q.Aga bodom daraxti tagida kimdir yotganini aytib, uni uyidan chaqirib chiqadi. Q.A. daraxt tagiga borib qo`l telefoni yorug`ida ukasining o`lib yotganini ko`rgach, tez tibbiy yordamga qo`ng`iroq qilgan.
Dastlab R.X. turmush o`rtog`ini o`ldirib qo`yganini aytmasdan, go`yoki, marhum o`z ehtiyotsizligi sababli vafot etganday qilib ko`rsatgan. Oradan 2-3 soat vaqt o`tgach IIB xodimlari kelib, qaytadan suhbatlashganda bo`lgan holatni ochiq-oydin so`zlab beradi. Shundan keyin unga nisbatan Jinoyat ishi ochilib tergov harakatlari olib borilgan.
Ushbu jinoyat ishini ko`rib chiqqan viloyat sudi qotil ayolga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.