Qizg`in o`tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan birinchi o`qishda muhokama qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Xabarga ko`ra, qonun loyihasi bilan ayrim ma`muriy huquqbuzarliklarni ko`rib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organ yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson bo`lishining oldi olinadi.
Shuningdek, loyihadagi normalar bugungi kunda amalda qo`llanilmayotgan ayrim turdagi ma`muriy huquqbuzarliklarni aniqlash va jazo chorasini qo`llash orqali ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi samarali amalga oshirilishiga hamda jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qizg`in muhokamalardan so`ng, qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi.






