Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati xodimi va «My5» telekanali jurnalistlari o`rtasida yuzaga kelgan holat haqida xabar tarqaldi.
Xabarlarga ko`ra, 14 iyun kuni «My5» telekanali «Markaziy studiya» ko`rsatuvi xodimlari Ishtixon dehqon bozoridagi oziq-ovqat rastalarida sodir bo`lgan yong`in tafsilotini yoritish uchun voqea joyiga borgan. Ammo jurnalistlar tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Ilhom Boboevning qarshiligiga uchragan. Tarqalgan videolarda voqealar tasvirga olinayotgan vaziyatda axborot xizmati xodimi kamera xotira kartasini sug`urib olayotgani ham tushib qolgan. Shuningdek, hokimlik vakili "fleshka"ni og`ziga solib, chaynab tashlagani aytilmoqda.
Holat yuzasidan O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi munosabat bildirdi.
"Mazkur holat O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o`rganib chiqilayotganini ma`lum qilamiz.
Shuningdek, Ishtixon tuman hokimligidan vaziyat yuzasidan tezkor rasmiy ma`lumot berilishini so`raymiz", - deyiladi rasmiy xabarda.






