Internet tarmog`ida voyaga etmaganlar hujumidan jabrlangan ayolning murojaati bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan chora ko`rilmayotgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIB ma`lumot berdi.
Xabarga ko`ra, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatsizliklari to`g`risidagi xabarlar haqiqatdan yiroq.
13 iyun kuni soat 9.14 da Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo`limiga 49 yoshli Nargiza N.dan murojaat kelib tushgan. Murojaatchining so`zlariga ko`ra, o`sha kuni soat 08.00 atrofida u Mirobod bozori yonidan o`tib ketayotganida 5-6 nafar voyaga etmaganlar mushtlashayotganlarini ko`rib qolib, ularni ajratmoqchi bo`lgan. Bolalar esa uning kiyimiga zarar etkazib sumkasini olib qo`ymoqchi bo`lgan.
Mazkur ariza qabul qilinib, hozirgi vaqtda tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda. Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektorlari kapitan R. Nizaxunov va katta leytenant A. Yuldashbekovlar tungi vaqtdagi patrullash davomida o`n nafar qarovsiz voyaga etmagan bolalarni ko`rib qolishdi. Ularning shaxslari aniqlanib, yuqoridagi hodisalarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Ma`lum shaxslar tomonidan bu kabi huquqbuzarliklar muntazam ravishda sodir etilishi to`g`risidagi ma`lumot hozirga qadar aniqlanmadi. Fuqarolarni mish-mishlarga asoslangan tahminlardan o`zlarini tiyishlarini so`raymiz.
Hurmatli fuqarolar! Ijtimoiy tarmoq va messendjerlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatsizliklari to`g`risida xato fikrlarni ko`rib qolish mumkin. Ko`pincha bu fikrlarga arizachilarning tergov oldi tekshiruvlari va ichki ishlar organlari faoliyati haqida etarli ma`lumotga ega bo`lmaganliklari sabab bo`lmoqda. Jabrlanuvchi tomonning sabrsizligini tushunish mumkin, ammo olib borilayotgan ishlar natijasini kutishingizni so`raymiz.






