2021 yil 1 dekabrdan sud majlislari telekanallar hamda Internet tarmog`i orqali jonli efirga uzatiladi. Bu haqda AOKAda “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi prezident farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan o`tkazilayotgan matbuot anjumanidan Darakchi muxbiri xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 1 dekabrdan quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, internet tarmog`i orqali jonli efirga uzatiladi:
- Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
- taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog`lig`ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog`liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlar bo`yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).
Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi yangi qonun loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Har yil yakunlari bo`yicha davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi aniqlanadi.
Farmonda ko`rsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholanadi.






