Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyati faollar bilan bo`lgan yig`ilishda aytib o`tdi deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Prezident deputatlarga berilgan vakolatlar haqida gapirar ekan, ularning bu vakolatdan to`g`ri va unumli foydalanishi shartligini qayd etdi.
"Oldin aytganimdek, kelajakda kengash raisi hokim bo`lmaydi. Shunday kunlarga kelamizki, tuman, viloyat hokimlarini xalq saylaydi. Kengashga xalq tomonidan saylangan deputat boshchilik qiladi. Chunki qancha ko`p xalq vakillari rahbardan talab qilsa, vaziyat o`zgaradi.
Ko`rdingiz, shaharlar qurmoqchimiz. O`ylab ko`ringlar, buning mas`uliyatini zimmaga olish qanchalik og`ir. Sizlardan bir iltimosim, aziz deputatlar, faollar – talab qilishni o`rganinglar.
Hozir ba`zi rahbarlar "men davlat idorasi boshlig`iman, meni bu lavozimga viloyat hokimi qo`ydi, xalqqa hisobot bermayman", degan hayolda yuribdi. Ijro hokimiyati vakili kengashga hisobot berishi shart. Deputatlar ulardan hisobot talab qilishi lozim. Deputatlarga hisobot berishni xohlamagan rahbar biz olib borayotgan islohotlarga mos kelmaydi", - deya ta`kidladi davlat rahbari.






