Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva mozaika pannolar tushirilgan noyob binolar egalarini ushbu san`at asarlarini saqlab qolish va ta`mirlashga chaqirdi.
“Premier Hall” kinoteatri binosini restavrasiya qilish vaqtida rassom Alfred Mazitovning “Kokilli qiz” nomli ajoyib pannosiga duch kelindi.
Shahrimizning yorqin, o`ziga xos jihatlaridan biri, iste`dodli va taniqli rassomlar tomonidan turli davrlarda yaratilgan mozaika pannolardir. Toshkentning monumental san`at yodgorliklari shahrimizni modernizm poytaxti deb atashga asos bo`la oladi. Aynan ushbu yodgorliklar Toshkentga betakror shahar qiyofasini baxsh etadigan ajoyib bir ramzdir.
Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi hamda Grace arxitektura byurosi monumental san`atni saqlab qolish va modernistik arxitekturani zamonaviy megapolis bilan uyg`unlashtirish bo`yicha yo`l xaritasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Biz mozaika pannolar tushirilgan noyob binolar egalarini ushbu san`at asarlarini saqlab qolish va ta`mirlashga chaqirib qolamiz.
Tarixiy merosni asrab-avaylash kelajak avlod oldidagi burchimizdir. Toki g`animat umrni beparvo o`tkazganlikda aybdor bo`lib qolmaylik. Keling, bu bebaho merosni ular uchun asrab qolaylik!"- deya yozib qoldirgan Mirziyoeva.






