AsosiyJamiyat

O`zbekiston yaqin oylarda 2020 yilning yozidagi kabi dahshatni boshdan kechirishi mumkin(mi?)

'O`zbekiston yaqin oylarda 2020 yilning yozidagi kabi dahshatni boshdan kechirishi mumkin(mi?)'ning rasmi

Shifokor Azizbek Boltaev O`zbekistonda yaqin oylarda 2020 yilning yozida yuz bergan koronavirus bilan bog`liq yana o`sha dahshat qaytarilishi kutilayotganini o`zining telegram kanalida aytdi.

«Men O`zbekistonda koronavirus bilan kasallanish ortishi yangi yilga to`g`ri keladi deb taxmin qilgandim. Ammo bu hozir sodir bo`lyapti. Buni quyidagicha izohlash mumkin. O`tkazilgan so`nggi tadqiqotlarga ko`ra, bemor koronavirusga chalinganidan keyin unda 7 oygacha virusga qarshi immunitet paydo bo`ladi, keyin esa qonda antitanalar miqdori keskin kamayadi va qayta kasallanish xavfi ortadi», — deb yozgan u o`zining Telegram kanalida.

«Taxminimcha, (O`zbekistonda ushbu gipotezani tasdiqlovchi tadqiqotlar o`tkazilmagan) o`tgan yili aholining aksariyati koronavirus bilan kasallandi va bizda jamoaviy immunitet shakllandi. Endilikda bu immunitet tabiiy ravishda yo`q bo`lmoqda, xuddi gripp va boshqa ko`plab yuqumli kasalliklarga nisbatan immunitet vaqt o`tishi bilan yo`qolganidek», — degan shifokor.

Uning fikricha, butun dunyo mamlakatlari kabi O`zbekiston ham shoshilinch ravishda aholini koronavirusga qarshi emlashi kerak.

«Ammo bizda vaksinasiya bilan bog`liq vaziyat qanday? Dunyo bo`yicha birinchi vaksinani o`rtacha 20 foizdan ortiq aholi oldi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko`rsatkich 50-70 foizni tashkil qildi. O`zbekistonda 15 iyunga kelib aholining uzog`i bilan 5 foizi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlandi. Dunyo mamlakatlaridan besh baravar, qo`shni Qozog`istondan esa ikki baravar ortda qolyapmiz. Bu yaqqol ko`rinishi uchun grafikda keltiraman. Aytmoqchi, unga qarab qanchalik rivojlan(ma)gan davlat ekanimiz aniqroq ko`rish mumkin», — degan Boltaev.

Uning qo`shimcha qilishicha, koronavirus bo`yicha hukumat komissiyasi boshchiligidagi Sog`liqni saqlash vazirligiga pandemiyaga qarshi choralarini yomon tashkil etgani, o`tgan yilgi qiyinchiliklardan tegishli xulosa chiqarmagani, shuningdek, vaksinasiya kampaniyasini ochiqchasiga zaif tashkillashtirayotgani uchun ikki baho berilishi kerak.

Boltaevning so`zlariga ko`ra, emlash kampaniyasini quyidagilar orqali kuchaytirish zarur:

  • zarur dozadagi vaksinani tezda sotib olishni ta`minlash uchun katta moliyaviy va diplomatik resurslarni yo`naltirish;
  • ancha vaqt oldin va`da qilingan «Sputnik V» vaksinasini mahalliy ishlab chiqarilishini tezlashtirish;
  • virusni neytralashtiruvchi antitanalarga ega bo`lmagan aholining ayrim guruhlari (shifokorlar, «formadagi odamlar», o`qituvchilar / tarbiyachilar, davlat xizmatchilari) uchun vaksinasiyani majburiy qilish;
  • vaksinasiya huquqiga ega bo`lgan toifadagi fuqarolarga cheklovlarni olib tashlash — emlanishni istagan har bir kishi zudlik bilan bunday imkoniyatni olishi.

Shuningdek, yopiq muassasalarda ommaviy tadbirlarni o`tkazishni taqiqlash kerakligini ham qo`shimcha qilgan.

Boshqa chora-tadbirlar qatoriga niqob rejimini davlat amaldorlarining shaxsiy namunasi orqali kuchaytirish, bepul niqoblarning keng miqiyosda ta`minlash, niqob rejimi ustidan huquq-tartibot organlari nazoratini kuchaytirish va rejimni buzganlik uchun jarima choralari muqarrarligini ta`minlash kiradi.

«Vaksinasiya darajasi pastligi, shuningdek, niqobdan foydalanishning kamayganligini (bu borada ham tadqiqot yo`q bo`lsa ham, shaxsiy kuzatuvlarimga ko`ra, hozirda niqobdan aholining 10 foizidan kamrog`i foydalanadi) e`tiborga olib, O`zbekistonni yaqin oylarda o`tgan yili yozida boshdan kechirgan dahshat kutmoqda. Eslatib o`taman: Sog`liqni saqlash vazirligi o`tgan yili koronavirusdan atigi 614 kishi vafot etganini ma`lum qilgan, rasmiy statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2020 yilda O`zbekistonda so`nggi 5 yilga qaraganda 21 mingtaga ko`p o`lim holatlari qayd etilgan», — deya so`zlarini yakunlagan shifokor.

    Boshqa yangiliklar