AsosiyJAMIYAT

Jaziramada qon bosimi nega o‘zgaradi va undan qanday himoyalanish mumkin?

Bunday holatlarda inson darhol salqin joyga o‘tishi, suv ichishi va ahvoli yaxshilanmasa, shifokorga murojaat qilishi lozim.

'Jaziramada qon bosimi nega o‘zgaradi va undan qanday himoyalanish mumkin?'ning rasmi

Yozning jazirama kunlarida yurak-qon tomir kasalliklaridan aziyat chekuvchi insonlar uchun xavf yanada ortadi. Mutaxassislar yuqori harorat qon bosimiga jiddiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Tibbiyot xodimlarining ta'kidlashicha, issiq havoda organizm o'zini sovitish uchun qo'shimcha resurslarni ishga soladi. Bu jarayonda qon tomirlari kengayadi va qon bosimi pasayishi mumkin. Biroq suvsizlanish, kuchli stress yoki jismoniy zo'riqish aksincha, bosimning keskin ko'tarilishiga sabab bo'ladi.

Yuqori harorat sharoitida yurak tana haroratini me'yorda ushlab turish va qon aylanishini ta'minlash uchun odatdagidan ko'proq ishlaydi. Shu bois yurak-qon tomir tizimida muammosi bor insonlar xavf guruhiga kiradi.

Issiqlik ta'sirining xavfli belgilari

Mutaxassislar issiqlik ta'sirida quyidagi alomatlar kuzatilishi mumkinligini qayd etmoqda:

– bosh aylanishi va holsizlik;
– yurak urishining tezlashishi;
– bosh og'rig'i;
– nafas qisilishi;
– ko'ngil aynishi va qusish;
– og'ir holatlarda tirishish va hushdan ketish.

Bunday holatlarda inson darhol salqin joyga o'tishi, suv ichishi va ahvoli yaxshilanmasa, shifokorga murojaat qilishi lozim.

Jaziramada o'zingizni qanday himoya qilish mumkin?

Avvalo, organizmdagi suv muvozanatini saqlash muhim. Mutaxassislar har bir kilogramm tana vazniga kamida 30 millilitr suv iste'mol qilishni tavsiya etadi.

Shuningdek, ratsionga kaliy va magniyga boy sabzavot hamda mevalarni kiritish maqsadga muvofiq. Bunday mahsulotlar qon bosimini barqaror saqlashga yordam beradi.

Issiq kunlarda tabiiy matodan tikilgan, havo yaxshi o'tkazadigan keng va och rangli kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, soat 11:00 dan 16:00 gacha bo'lgan vaqtda quyosh nurlari eng kuchli bo'lishini inobatga olib, imkoni boricha ochiq havoda uzoq qolmaslik kerak.

Ahvol og'irlashganda nima qilish lozim?

Agar insonning ahvoli yuqori harorat ta'sirida keskin yomonlashsa, uni salqin va yaxshi shamollatiladigan xonaga olib kirish, oyoqlarini tanasidan balandroq holatda yotqizish hamda suvni kichik qultumlar bilan ichirish zarur.

Shifokor tomonidan tavsiya etilgan dori vositalari mavjud bo'lsa, ularni qabul qilish mumkin. Agar holat og'irlashsa yoki hushdan ketish kuzatilsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish lozim.

Mutaxassislar yozning issiq kunlarida salomatlikka befarq bo'lmaslik va organizmdan kelayotgan har qanday xavfli signallarga o'z vaqtida e'tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar