Rossiyalik rassom va aktsionist Semyon Skrepetskiy Polshada otib o‘ldirildi. Bu haqda Meduza nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Polsha sharqidagi Byala-Podlyaska shahrida sodir bo‘lgan. Rassomning yaqinlaridan biri Astra nashriga uning halok bo‘lganini tasdiqlagan. Polsha politsiyasi marhumning shaxsini rasman oshkor qilmagan bo‘lsa-da, qurbon 44 yoshli Rossiya fuqarosi ekanini ma’lum qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, Skrepetskiy shahardagi turar joy majmualaridan biri hududidagi avtoturargohda otib ketilgan. Noma’lum shaxs unga yaqin masofadan bir necha marta o‘q uzgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Qotillikdan so‘ng politsiya shahar ko‘chalari va chiqish yo‘llarida kuchaytirilgan qidiruv tadbirlarini boshlagan. Shuningdek, marhumning farzandlari bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar tufayli maktablar va bolalar bog‘chalari qo‘riqlovga olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatni ikki kishi sodir etgan bo‘lishi mumkin. Gumonlanuvchilardan biri Belarus konsulxonasi yaqinida qo‘lga olingan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Belarus fuqarosi hisoblanadi.
Tergov materiallarida aytilishicha, gumonlanuvchilarni voqea joyiga belaruslik taksi haydovchisi olib kelgan. Qurol bilan tahdid qilingan haydovchi keyinchalik Belarus konsulxonasi hududiga qochishga uringan.
Semyon Skrepetskiy — rassomning ijodiy taxallusi bo‘lib, uning haqiqiy ismi Robert Kuzovkov edi. U Rossiyaning Oltoy o‘lkasida tug‘ilgan va siyosiy karikaturalari bilan tanilgan. Rassom turli yillarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov hamda muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning satirik tasvirlarini yaratgan.
Shu bilan birga, u Ukraina hukumati faoliyatini ham tanqid qilgan va shu sababli Ukrainaning "Mirotvorets" bazasiga kiritilgan. Skrepetskiy 2021 yildan buyon Polshada yashab kelayotgan edi.
Qayd etilishicha, uning so‘nggi ommaviy aksiyalaridan biri joriy yilning 12 iyun kuni Germaniya poytaxti Berlin shahrida o‘tgan. Rossiya kuni munosabati bilan u Iosif Stalin va Vladimir Putin tasvirlangan ikona uslubidagi karikatura bilan yakkahol piket o‘tkazgan.






